Prezident ishtirokida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari barqarorligini ta’minlash va zaxirasini yaratish masalalari yuzasidan videoselektr yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda quyidagi vazifalar belgilab berildi.

Kredit resursining 670 mlrd so‘mi o‘zlashtirilgan

Kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholiga tanlov asosida ajratiladi. Buning hisobiga, 1 mln 200 ming nafar aholini band qilish imkoniyati yaratiladi.

Prezident mutasaddilarga viloyat, tuman va shahar hokimlari bilan birga bir oy muddatda 25 turdagi import mahsulotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish hamda ko‘paytirish bo‘yicha loyiha paketlarini taqdimot qilib, hukumat qarorini chiqarish topshirig‘ini berdi.

Keyingi yilning olti oy yakuni bo‘yicha bu borada o‘zgarish qilmagan viloyat hokimlari ishdan olinishi ko‘rsatib o‘tildi.

Shuningdek, viloyat hokimlariga Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda 50 ta tumanda saqlash quvvatlarini keskin oshirish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish topshirildi.

“Buning mablag‘lari bor. Lekin, birorta hokim o‘zida qancha mahsulot saqlash quvvati borligini ham, bor mablag‘larni ishlatishni ham bilmaydi”, — dedi prezident.

Joriy yilda meva-sabzavotga ajratilgan 1,5 trln so‘m kredit resurslarining 670 mlrd so‘mi o‘zlashtirilgani qayd etildi.

Viloyat hokimlariga o‘n kun muddatda import bo‘layotgan mahsulotlarni ishlab chiqarishni O‘zbekistonda ko‘paytirish bo‘yicha aniq tadbirkor va aniq loyihalarni ko‘rsatib, har bir mahsulot kesimida hozir qancha va bir yil ichida qanchaga ko‘paytirishi bo‘yicha aniq reja va hisob-kitoblarni taqdim etish topshirildi.


Hosilni sug‘urtalashning 50%i qoplab beriladi

Joriy yilda qo‘shimcha ajratilayotgan 20 ming gektar va kelgusida beriladigan 100 ming gektar ekin maydonlari hisobidan importni qisqartirish hamda oziq-ovqat mahsulotlari ekishni kamida 300 ming gektarga yetkazish belgilandi.

Oziq-ovqat uchun mo‘ljallangan yerlarga ekinlarni joylashtirishni bundan buyon Bog‘dorchilik agentligi belgilab beradi.

Mutasaddilarga 15-sentabrdan boshlab hokim yordamchilari tavsiyasiga ko‘ra, sabzavot, dukkakli va moyli ekinlar bo‘yicha urug‘lik, o‘g‘it, yoqilg‘i, o‘simliklar himoyasi hamda aylanma mablag‘ uchun 150 million so‘mgacha garovsiz kredit ajratishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Bunda, ushbu mablag‘larning yarmini naqd pulda ajratishga ruxsat beriladi hamda Bog‘dorchilik agentligiga qo‘shimcha 300 mlrd so‘m ajratiladi.

Moliya vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligiga meva-sabzavotchilikni kreditlashning mutlaqo yangi tizimini joriy qilish topshirildi.

Endilikda kartoshka, sabzavot, yog‘-moy ekinlari ekadigan klaster va dehqonlarga hosilni sug‘urtalash xarajatining 50%i davlat hisobidan qoplab beriladi.

Buning uchun, kelgusi bir yilda Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasidan 50 mlrd so‘m yo‘naltiriladi.

Bundan buyon paxta va g‘alladagi kabi oziq-ovqatga kredit berishda sug‘urta polisi kredit ta’minoti hisoblanadi.

“Bu yangilik ko‘plab dehqonlarimizning ishini yurgizib, Qishloq xo‘jaligi jamg‘armasida ishlatilmay turgan 700 mlrd so‘mdan samarali foydalanishga imkoniyat yaratadi”, — dedi Prezident.


Hosildor yerlar intensivga o‘tkaziladi

Har yili 300 ming tonna kartoshka, 6 ming tonna dukkakli, 11 ming tonna moyli ekinlar urug‘ini tayyorlashni yo‘lga qo‘yish zarurligi ta’kidlandi.

Dukkakli va moyli ekinlar urug‘chiligida uchun $26 mln yo‘naltiriladi.

Viloyat hokimlari oldiga kelgusi 2 yilda urug‘ importini 3 baravar qisqartirish vazifasi qo‘yildi.

Har bir viloyatda kamida bittadan intensiv sabzavot ko‘chatchilik xo‘jaliklarini ishga tushiriladi.

Bundan buyon hosildor yerlarning barchasini intensivga o‘tkazish shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Mutasaddi idoralarga intensiv qishloq xo‘jaligiga o‘tishni rag‘batlantirish va ta’sirchan soliq mexanizmlarini qo‘llash bo‘yicha qonun loyihasini ishlab chiqib, kiritishga topshiriq berildi.


Harakatsiz $330 mln kredit liniyasi

Qish-bahor oylarida bozorlarda meva-sabzavotlar narxi barqaror bo‘lishi uchun saqlash va tashish bilan bog‘liq muammolarni hal qilish zarurligi ta’kidlandi.

Bu masalalar bo‘yicha loyihalar bo‘lsa, ularga barcha sharoitlar yaratib berilishi ko‘rsatib o‘tildi.

Misol uchun, bugungi kunda chetdan qishloq xo‘jaligiga jalb qilingan $140 mln uzoq muddatli mablag‘lar banklarda haligacha o‘zlashtirilmagan.

Yana $330 mln tayyor kredit liniyalari yil boshidan beri harakatsiz turibdi.

“Na banklar, na lizing kompaniyalari rahbarlari, na hokimlar bu mablag‘larni tadbirkorlarga berish bo‘yicha jon kuydirmayapti”, — dedi prezident.

Viloyat hokimlariga bir oy muddatda ushbu mablag‘larni o‘zlashtirish bo‘yicha loyihalarini taqdim etish topshirildi.


“Agrolizing” isloh qilinadi

Yangi loyihalarni ishga tushirishda “Agrolizing” aksiyadorlik jamiyati umuman ishlamayotgani tanqid qilindi.

Uning faoliyatini to‘liq transformatsiya qilib, dehqon va fermerlarga moliyaviy ko‘makchi bo‘ladigan tizimga aylantirish topshirildi.

Qishloq xo‘jaligi vazirligiga quyidagilar topshirildi:

  • kelgusi bir yilda hududlarda mahsulotni saqlash bo‘yicha 200 ming tonna quvvatlarni ishga tushirish;
  • 100 million dollar hisobidan intensiv bog‘lar va sabzavotchilik, saqlash omborlari, qadoqlash va qayta ishlash loyihalarini boshlab, tadbirkorlarga lizingga berishni yo‘lga qo‘yish;
  • barcha viloyatlarda issiqxona egalariga yengilliklar berish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish;
  • agrar sohada moliyalashtirish, kredit, lizing va sug‘urta tizimini to‘liq yangilash bo‘yicha qaror loyihasini taqdimot qilish.

O‘simliklarni himoya qilish otryadi tuziladi

Mutasaddilarga ko‘chma muzlatkichlar tashkil etish uchun yer maydonlarini ijaraga berish muddatlari uzaytiriladi.

2 mingta mahallada kichik muzlatkichlar tashkil etish loyihalari yo‘lga qo‘yiladi. Bunda, tayyor loyihalar yangi lizing mexanizmi asosida tadbirkorlarga beriladi.

Xususiy sektor bilan hamkorlikda aholi tomorqa yerlarida o‘simliklarni himoya qilish xizmatlarini ko‘rsatish uchun otryadlar tashkil etiladi.

Shuningdek, tomorqalarda foydalanadigan kimyoviy preparatlar ro‘yxati tasdiqlanib, ular aholi orasida keng targ‘ib qilinadi.