Sug‘urta tashkilotlariga qo‘llanilgan jarima sanksiyalarining statistikasi e’lon qilindi, xabar bermoqda Sug‘urta bozorini rivojlantirish agentligi.
Unga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida sug‘urta tashkilotlariga 238 mln so‘m jarima qo‘llanilgan.
Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 110 mln so‘mni tashkil qilgan.
Birinchi chorakda sug‘urtalovchilar tomonidan hisobotlarni vaqtida bermaslik, yolg‘on ma’lumotlar taqdim etish hamda ma’lumotlarning bir biridan farq qilishi kabi holatlarga yo‘l qo‘yilgan.
Eng ko‘p xatoliklar mos ravishda, ajratilgan aktivlarning sug‘urta zaxiralari hajmi kamligi va ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urtalashda barqarorlashtirish zaxirasining noto‘g‘ri shakllantirilishida (13,9%) kuzatilgan.
Shuningdek, bu davrda sug‘urta tashkilotlarining ustav kapitali miqdori qonunchilik talablariga muvofiq oshirildi.
Xususan, “O‘zbekinvest” milliy sug‘urta kompaniyasining ustav kapitali eng yuqori ulushda 282,2 mlrd so‘mni tashkil qilgan.
Undan keyingi o‘rinda yuqori ko‘rsatkich bilan “O‘zagrosug‘urta” kompaniyasi turibdi — 108,9 mlrd so‘m.
Joriy yilning olti oyida aholi va tadbirkorlarga 3,6 mlrd so‘m sug‘urta kompensatsiyasi to‘lab berilgandi.
Sug‘urta tashkilotlariga 855 ta murojaat kelib tushgan hamda murojaatlarning eng ko‘p ulushi Toshkent shahriga to‘g‘ri keladi.