Markaziy bank bakalavriat va magistratura talabalari uchun stipendiya tanlovini e’lon qildi, bu haqda regulyator matbuot xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, stipendiya tanlovida Toshkent shahrida joylashgan quyidagi OTM talabalari qatnasha oladi :
- Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti;
- Toshkentdagi Singapur menejmentni rivojlantirish instituti;
- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;
- Toshkent Moliya instituti;
- Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti;
- Toshkent shahridagi INHA universiteti;
- Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston milliy universiteti.
Stipendiyalar mazkur universitetlarning bank ishi, iqtisodiyot, banklarda buxgalteriya hisobi, makroiqtisodiyot, statistika yo‘nalishlari bo‘yicha bakalavriaturaning kunduzgi bo‘limida 4-kursda o‘qiydigan hamda magistraturada ta’lim olayotgan talabalarga ajratiladi.
2022−2023 o‘quv yili uchun Markaziy bank stipendiyasi joriy yilning 3-oktabridan tayinlanadi.
Hujjatlarni qabul qilish muddati 6−9 sentabrgacha, ko‘rib chiqish va tanlov muddati 12-sentabrdan 20-sentabrgacha davom etadi.
Stipendiyalar bazaviy hisoblash miqdorining 3 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda belgilanadi.
Markaziy bankning tegishli tarkibiy bo‘linmalarida har kunlik ya’ni kuniga 3 soatgacha, haftada 15 soatdan oshmagan holda amaliy malaka o‘taydi.
Stipendiya tanlovida qatnashish uchun o‘quv jarayonida so‘nggi semestr natijalariga ko‘ra yuqori reyting ko‘rsatkichiga ega bo‘lishi kerak.
Shuningdek, “IELTS"dan 6.5 sertifikatiga ega talabalar ingliz tili testidan ozod etiladi.
Iqtisodiyot bo‘yicha xalqaro yoki respublika olimpiadasi g‘olibi hamda sovrindoriga ustunlik beriladi.
Talabgorlar quyidagi hujjatlarni taqdim qilishi kerak:
- ma’lumotnoma (obyektivka), rangli rasm;
- pasport nusxasi;
- nomzodning reyting (sinov) daftarchasi nusxasi;
- O‘zbekiston Respublikasida faoliyat yuritayotgan xorijiy davlatlar oliy ta’lim muassasalari talabalari uchun o‘rnatilgan tartibda fanlarni o‘zlashtirish bali to‘g‘risida ma’lumotnoma;
- agar mavjud bo‘lsa, nomzodning chet tilini o‘zlashtirganligini tasdiqlovchi hujjatlari, ilmiy ishlanmalari, ilmiy konferensiya va seminarlarda ishtirok etgan ma’ruza tezislari va chop etilgan maqolalari.
Hujjatlar joriy yilmning 9-sentabrigacha talaba tahsil olayotgan universitet yoki institut rektoratiga topshirilishi kerak.
Stipendiatlar o‘z xohishiga ko‘ra OTMni bitirganlaridan so‘ng bank tizimiga ishga joylashtiriladi.
Agar ular bakalavriaturani tugatgach Markaziy bankka ishga kirgan taqdirda, tegishli xalqaro moliya institutlariga tajriba almashish va mutaxassislik bo‘yicha magistratura yoki PhD yo‘nalishi bo‘yicha o‘qish uchun umumiy tanlov asosida yuborilishi mumkin.
Batafsil ma’lumotni havola orqali hamda yuqoridagi OTMlarning rasmiy saytidan olish mumkin.