Avvalroq Qozog‘istonda o‘tkaziladigan “Silkway Accelerator"ning ikkinchi oqimiga arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgandi.

“Google” va “Astana Hub” tomonidan tashkil etilgan mazkur loyihaga eng yaxshi 15 ta startap qatorida O‘zbekistondan “Avlo.shop” loyihasi ham qabul qilindi. Bu haqda “IT Park” xabar berdi.

Dasturda ishtirok etish uchun Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari, Ozarbayjon va Mo‘g‘ulistondan jami 237 ta texnologik loyiha ro‘yxatdan o‘tgan.

Hujjatlar ikki bosqichda — iyun va avgust oylarida qabul qilindi.

Loyihalar Markaziy Osiyo mamlakatlari ekspertlari va “Google Developers” vakillari tomonidan baholandi.

Trening Nur-Sultonda oflayn rejimda o‘tkaziladi va 3 oy davom etadi.

Dastur startaplarga o‘z ishlanmalari uchun investorlar, dastur hamkorlari va texnoparkning o‘zidan mablag‘ jalb qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, dastur davomida g‘olib jamoalar biznes jarayonlarini qurish, biznesni kengaytirish, hamkorlik aloqalarini o‘rnatish va sarmoyalarni jalb qilishni o‘rganishadi.

Loyiha haqida

Avlo.shop” platformasi o‘zbekistonlik tadbirkorlar uchun hamyonbop onlayn-do‘kon konstruktori hisoblanadi.

Loyiha elektron tijoratni rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, ikki oy ichida startap 500 dan ortiq mijozlarni jalb qildi va hozirda platforma $2 mln.ga baholanmoqda.

2021-yilda “Avlo.shop” startap pitch tanlovlaridan biri — “The entrepreneurship World Cup” mintaqaviy bosqichida g‘olib bo‘ldi.

Loyiha butun dunyodan kelgan 100 mingdan ortiq arizalar orasida top yuztalikka kirdi.