Vengriya Yevropa Ittifoqidan rossiyalik uch oligarxga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni talab qilmoqda, xabar beradi “Politico” nashri.

“Alfa Group” aksioneri Pyotr Aven, Magnitogorsk metallurgiya kombinati rahbari Viktor Rashnikov kabi milliarderlar qatorida tadbirkor Alisher Usmonov ham bor.

Yevroittifoq Ukrainada urush boshlanganidan keyin sanksiyalar ostida qolganlarga nisbatan choralarni yangilash uchun 15-sentabrgacha vaqt bor, agarda sanksiyalar bekor qilinmasa bu muddat tugatilishi mumkin.

Vengriya hukumati matbuot kotibi Zoltan Kovachning ta’kidlashicha, ayrim shaxslar va kompaniyalarning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi yetarlicha asoslantirilmagan.

YeI 7-sentabr kuni sanksiyalar ro‘yxatini qaytadan ko‘rib chiqishi kutilmoqda.

Avvalroq tadbirkor Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar yuzasidan sudga murojaat qilgani xabar qilingandi.

Milliarder Ukrainadagi jangovar harakatlarni qo‘llab-quvvatlaganlikni inkor etib, $20 ming miqdoridagi sud xarajatlarini qoplashni talab qilgan.

Biroq Yevropa sudi tadbirkorning sanksiyalar bo‘yicha da’vosini tezlashtirilgan tarzda ko‘rib chiqilishiga yo‘l bermagan.


28-fevral kuni YeI Kengashi bir qator rossiyalik tadbirkorlar, rasmiylar va madaniyat arboblari qatori Alisher Usmonovni ham, Ukraina suvereniteti va hududiy yaxlitligini buzishga hissa qo‘shgan deb topib, qora ro‘yxatga kiritgandi.

Sanksiyalar roʻyxatiga kiritilishini tasdiqlovchi hujjatda Usmonov “prezident Vladimir Putin bilan ayniqsa yaqin aloqada boʻlgan oligarx” va “prezidentning sevimlilaridan biri” deb atalgan.

Shu tariqa, ishbilarmonning Yevropa Ittifoqidagi aktivlari Rossiya rahbariyatiga yaqin deb topilgani uchun muzlatib qo‘yilgan.

Sudda imkoniyatga ega boʻlish uchun tadbirkor Rossiya rasmiylari bilan yaqin aloqasi yoʻqligini isbotlashi kerak boʻladi.