Markaziy bank aholi va tadbirkorlarning inflyatsion kutilmalarini e’lon qildi.

Avgust oyida aholining ko‘pchilik qismi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12% atrofida bo‘lishini kutishmoqda. Oxirgi oylarda 12%dan yuqori inflyatsiyani kutayotganlar ulushi qisqarib bormoqda.

Ular, so‘rov natijalariga ko‘ra, kelgusi davrda narxlarni oshirishi mumkin bo‘lgan asosiy omillar sifatida:

  • import tovarlari va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari (48%);
  • narxlarining sun’iy oshirilishi (37%);
  • yoqilg‘i va energiya resurslari narxining qimmatlashishi (34%) ta’kidlashgan.

Kelgusi 12 oy uchun narxlar o‘sishi bo‘yicha biznes vakillarining inflyatsion kutilmalari esa o‘tgan oyga nisbatan 1,1%ga kamayib, 14,1%ni tashkil etdi.

Bu ko‘rsatkich yuqoriroq bo‘lishini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi 52%dan 47%gacha qisqardi. Ularning ko‘pchilik qismi kelgusi 12 oyda inflyatsiyani 9−12% atrofida bo‘lishini kutishmoqda.

Keyingi 12 oyda narxlar oshishiga valyuta kursining o‘zgarishi, yoqilg‘i mahsulotlari va transport xizmatlari narxlarining qimmatlashishi hamda ish haqi va nafaqalarning oshishi kabi omillar ta’sir etishi mumkinligini ta’kidlangan.

Shuningdek, import qilinadigan xorijdan xomashyo yetkazib berishda uzilishlar bo‘lishini hamda import qilishdagi tarif va notarif cheklovlarning mavjudligini kutayotgan tadbirkorlarning ulushi o‘tgan oyga nisbatan qisqargan.

Bunda biznes vakillarining yuqoridagi omillar bo‘yicha xavotirlarining kamayishiga yangi ta’minot zanjirlari yo‘lga qo‘yayotganligi hamda iqtisodiyotda raqobat muhiti yaxshilanib borayotganligi bilan izohlanmoqda.


Avvalroq Markaziy bank Ichki bozorda ayrim mahsulotlar taklifi bilan bog‘liq inflyatsion xatarlar saqlanib qolayotganini ma’lum qilgandi.