Iqtisodiyotdagi inflyatsion kutilmalar may oyidagi yuqori darajaga nisbatan pasayishiga qarmasdan, hamon 14−15%ni tashkil etmoqda. Bu haqda Markaziy bank boshqaruvining 8-sentabrdagi yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Ichki bozorda ayrim mahsulotlar taklifi bilan bog‘liq inflyatsion xatarlar saqlanib qolmoqda.
Bunga nima sabab bo‘lmoqda
Asosiy import mahsulotlari narxlarining yuqori shakllanayotganligi (yilning qolgan qismida asosan nooziq-ovqat tovarlari bo‘yicha) kelgusi oylarda ham iste’mol bozorlaridagi narxlarga oshiruvchi ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Bunga mahsulotlar taklifi bilan bog‘liq logistik muammolarning saqlanib qolayotganligi ham sabab bo‘ladi.
Shu bilan birga, kuz oylarida iqtisodiy faollikni yanada jonlanishi va qishloq xo‘jaligi sohasida daromadlarning mavsumiy oshishi ichki iste’mol bozorida yil so‘nggigacha qo‘shimcha talabni shakllantirib boradi.
Kuz-qish mavsumida ayrim yoqilg‘i-energetika mahsulotlari va isitish vositalariga bo‘lgan talabning ortishi, tashish va yetkazib berish xizmatlari narxlarining o‘sishi bo‘yicha ham xavotirlarni yuzaga keltiradi.
Mavjud inflyatsion jarayonlar, pul-kredit sharoitlari, import inflyatsiyasi ta’sirining saqlanib qolayotganligi va yuqori noaniqliklar sharoitida yil yakuni bo‘yicha inflyatsiya darajasining 12−14%lik darajada shakllanishi borasidagi oxirgi prognozlar o‘zgarishsiz qoldirildi.
Regulyatorda tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar ta’sirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlar sinchkovlik bilan o‘rganilib, ularni bartaraf etish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rib borilishi qayd etildi.
Asosiy stavkani ko‘rib chiqish bo‘yicha Markaziy bank boshqaruvining navbatdagi yig‘ilishi 20-oktabrga belgilangan.
Avvalroq “Spot” avgust holatiga oylik inflyatsiya 0,5%ni tashkil etib, yillik ko‘rsatkich esa 12,3%ga yetgani haqida xabar bergandi.
Dastlabki sakkiz oyda oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi 8,5% ga yetdi. Bu esa so‘nggi uch yillikning ushbu davrida qayd etilgan eng yuqori ko‘rsatkich bo‘ldi.