Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, IT-mutaxassislari O‘zbekistonda eng ko‘p ish haqi oladigan xodimlar qatoridan joy olgan.
Joriy yilning olti oyida axborot va aloqa sohasida faoliyat olib boradiganlarning o‘rtacha oylik ish haqi 11,2 mln so‘mni tashkil etdi.
“HeadHunter” kompaniyasi ma’lum qilishicha, avgust oyida ish beruvchilar ushbu mutaxassislarga o‘rtacha 10,6 mln so‘m taklif qilgan.
Qolaversa, bugungi kunda mamlakatda soha mutaxassislariga talab yuqori. Talab ketidan esa taklif ham ortib bormoqda — hozirda nafaqat ixtisoslashtirilgan universitetlarda bunday ko‘nikmalarni egallash yoki ularni takomillashtirish bilan shug‘ullanish mumkin, balki buning uchun ko‘plab professional kurslar ham mavjud.
“Najot Ta’lim“
Ushbu markazda quyidagi kurslar mavjud:
- “Bir yillik kasbiy ta’lim” dasturi;
- Full stack veb-dasturlash;
- QA (quality assurance).
“Bir yillik kasbiy ta’lim” dasturi ikki qismdan iborat bo‘lib, birinchi — “Botcamp-foundation” bosqichida C va Python dasturlash tillarining asoslari, kompyuter savodxonligi darslari o‘qitiladi.
Ikkinchi (“Botcamp-result”) qismda esa Fullstack (NodeJS + Vuejs), Frontend, Java Spring backend kabi bir qator yo‘nalishlardan birini tanlab, ta’lim olishi mumkin bo‘ladi.
“Full stack veb-dasturlash” kursida 5 oy frontend, 5 oy backend o‘rgatiladi. “QA (quality assurance)” kursi davomida esa dasturiy ta’minot testlovchisi bo‘lib yetishish uchun kerak bo‘ladigan bilimlar o‘rgatiladi.
“BePro IT Academy“
O‘quv markazida kompyuter savodxonligi va axborot xavfsizligi asoslari bo‘yicha kurslar tashkil etilgan.
Dasturlash kurslari HTML / CSS, Javascript, Python va Django kabilardan iborat.
Shuningdek, o‘quv dasturlari orasida axborot xavfsizligi, tizim boshqaruvi (Linux Solaris, HP-UX, AIX), MS Office ilovalari bilan professional ishlashga o‘rgatish va boshqalar bor.
Bitiruvchilar xalqaro sertifikat olishlari mumkin, chunki akademiya “Pearson VUE” ning rasmiy vakili hisoblanadi.
“SOS IT Academy“
Veb-dasturchi bo‘lishni xohlovchilar ushbu kurslarda qatnashish imkoniyatiga ega:
- HTML5 va CSS3;
- Bootstrap4;
- JavaScript;
- jQuery;
- React / Ajax.
Backend uchun:
- PHP;
- MySQL;
- Laravel kabilar mavjud.
Bo‘lajak dasturchilar Java, Python, C++ kabilarni o‘rganadilar. Bundan tashqari, kompyuter grafikasi va dizayn kurslari ham mavjud.
“PROWEB”
Markazda veb-dasturlash, internet-marketing, veb-dizayn, 3D modellashtirish va vizualizatsiya kurslari joriy etilgan.
Veb-dasturlash kurslarida talabalar asosiy tillarni o‘rganadilar, veb-saytlar yaratadilar, muvaffaqiyatli dasturchilar foydalanadigan vositalar bilan tanishadilar.
Python yordamida ular online-do‘konlar, veb-ilovalar va Telegram-botlarini yaratishni o‘rganadilar.
“Astrum IT Academy“
Akademiyaga 16 yoshdan oshganlar qabul qilinib, u yerdagi ta’lim tizimi 2 qismga bo‘linadi — preseason va asosiy kurs. Preseason 1 oy, asosiy kurs esa 6−12 oy davom etadi.
3 ta yo‘nalish mavjud:
- Data Science;
- Full Stack;
- Software Engineering.
Mashg‘ulotlar sun’iy intellekt yordamida ingliz tilida olib boriladi. Agar kerak bo‘lsa o‘zbek tilida mentorlar tomonidan yordam ko‘rsatiladi.
“Astrum” bitiruvchilarga ta’lim yakunida Amerikaning xalqaro “QWASAR” sertifikatini taqdim etadi.
“Ilmhub”
O‘quv markazida Foundation Programming, .NET Bootcamp, Python, Scratch, React Native kabi kurslar mavjud.
Viloyatdagilar yoki oflayn oʻrgana olishga imkoni yoʻqlar uchun darslar onlayn tarzda ham olib boriladi.
Bolalar uchun KIDS dasturi mavjud, unda dasturlash va robototexnika koʻnikmalari oʻrgatib boriladi.
“Codecraft”
Bu yerda 7 dan 25 yoshgacha IT-olamiga endi kirib kelayotgan va davom ettiruvchilarga ta’lim beriladi.
Ular markazda dasturlashning asosiy tamoyillari (Python, Javascript, PHP, Android)ni egallashlari mumkin boʻladi.
Kompyuterda ko‘p vaqt o‘tkazadigan bolalar uchun Scratch va Unity o‘yinlarini ishlab chiqish bo‘yicha mashg‘ulotlar olish mumkin.
“JuniorCode”
Xalqaro dasturlash maktabi 5 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qabul qiladi.
Trening rus metodologiyasi bo‘yicha Scratch junior, Scratch, App Inventor, CoffeeScript, JavaScript, Python va Unity 3D kabi texnologiyalarda olib boriladi.
“Bobir Akilkhanov Tech Academy“
Bolalar va kattalar uchun dasturlash kurslari quyidagilardan iborat:
- Full stack Python;
- Full stack JavaScript;
- Android Developer;
- .NET Web Developer (C#);
- Sun’iy intellekt;
- Flutter (IOS va Android);
- Grafik dizayn;
- CGI Artist.
Mini (3 oylik) kurslarda esa computer science, sayt yasash asoslari kabilar oʻrgatiladi.
6 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar esa ma’lumotlar tahlilini o‘tkazish, kiberxavfsizlikni yaratish, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, ilovalar va kompyuter o‘yinlarini yaratishni o‘rganadilar.
“PDP Academy“
Oddiy boshlang‘ich kurslarga qo‘shimcha ravishda, akademiya yettita RoadMap to‘liq kursini taklif qiladi. Shunday qilib, bo‘lajak dasturchilar mavjud bilim darajasini oshiradilar.
Intensiv Bootcamp kurslarida talabalar tanlangan yo‘nalishlardan birini chuqurroq o‘rganadilar, ular quyidagilar bo‘lishi mumkin:
- Java back-end development;
- Front-end development;
- Android App development;
- Flutter development.
Kurslar narxi va davomiyligi
Ma’lumotlar faqat tanishtirish maqsadida taqdim etildi. “Spot” narxlarni markazlarning o‘zida tekshirishni tavsiya qiladi.
Oʻquv markazi nomi | Guruh kurslari to‘lovlari (oylik, so‘mda) | Darslar davomiyligi |
“Najot Ta’lim” | 800 mingdan 2 mlngacha | 4−11 oy |
“BePro IT Academy” | 800 mingdan 1 mlngacha | 1,5−8 oy |
“SOS Academy” | 700−900 ming | 4−9 oy |
“PROWEB” | 1,4 mln | 2−10 oy |
“Astrum IT Academy” | 1,2−1,8 mln* | 1−1,5 yil |
“Ilmhub” | 790 mingdan 2,2 mlngacha | 4−9 oy |
“Codecraft” | 650−750 ming | 2−9 oy |
“JuniorCode” | 540 ming va undan yuqori | 6−12 oy |
“Bobir Akilkhanov Tech Academy” | 2,3−2,5 mln | 3−9 oy |
“PDP Academy” | 1,4 mln | 2,5−11,5 oy |
*Bir yillik mablag‘ oldindan to‘langanda 15% chegirma taqdim etiladi