Prezident Shavkat Mirziyoyev Samarqand shahridagi yo‘l va suv ta’minoti tarmoqlarini modernizatsiya qilish uchun BAA krediti jalb etilishini ma’qulladi. Hujjat Lex.uz'da e’lon qilindi.
Kredit Abu-Dabi taraqqiyot jamg‘armasi tomonidan taqdim etilib, miqdori 1,1 mlrd dirhamni ($299,4 mln) tashkil qiladi. Pul yillik 2,5% stavkada, 4 yillik imtiyozli davr bilan 17 yilga beriladi.
Viloyatdagi suv quvurini modernizatsiya qilish uchun to‘lovlar Samarqand suv ta’minoti va viloyat byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Yo‘llarga sarflangan mablag‘lar to‘g‘ridan-to‘g‘ri davlat byudjetidan qaytariladi.
Loyiha doirasida O‘zbekistonga olib kirilayotgan tovarlar va uskunalar bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, davlat ishtirokchi kompaniyalarga ular tomonidan to‘langan QQS summalari uchun kompensatsiya to‘laydi — buning uchun $42,76 mln dollar ko‘zda tutilgan.
Avvalroq “Spot” BAA kompaniyalari “Talimarjon” IESga qariyb $1 mlrd sarmoya kiritayotgani haqida yozgandi.