5−11 sentabr kunlari O‘zbekiston tovar-xomashyo birjasi tomonidan ochiq birja savdolari orqali jami 2,1 trln so‘mlik tovar resurslari sotildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, mahsulotlar sotuvchi korxonalar tomonidan tasdiqlangan jadvallar asosida birja savdolariga qo‘yildi.

O‘tkazilgan savdo natijalariga ko‘ra, birjaning un bozori narx bo‘yicha pasayish kuzatildi.

Hafta davomida birja savdolariga 66 667 tonna un qo‘yildi va uning 27 255 tonnasi, ya’ni 41% qismi sotildi.

O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 1 460 xaridor ishtirok etgan.

Birinchi navli un bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar bir tonnasi uchun 4 mln 819 ming so‘mdan 4 mln 807 ming so‘mgacha pasaydi.

Haftalik narxlar esa mahsulotning bir tonnasi uchun — 4 mln 750 ming so‘m.

Unning kunlik sotuv hajmi o‘rtacha 5 451 tonnani tashkil qildi.

Birjaning shakar bozoridagi narxlari ham pasayishni qayd etdi.

Hafta davomida birja savdolariga 12 503 tonna shakar qo‘yilib, shundan 11 052 tonnasi — 88,4%i sotildi.

O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 475 xaridor ishtirok etdi.

Shuningdek, shakarning barcha kategoriyasi bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar bir tonnasi uchun 12 mln 366 ming so‘mdan 11 mln 946 ming so‘mgacha, ya’ni 3,4%ga pasaygan.

Mahalliy shakarning TS-2 — kategoriyasi bo‘yicha o‘rtacha haftalik narxi bir tonnasi uchun 12 mln 412 ming so‘mni tashkil etdi.

Birja savdolariga qo‘yilgan 3 891 tonna polietilenning 3 791 tonnasi, ya’ni 97,4%i sotildi.

Mahsulotning o‘rtacha kunlik sotuv hajmlari 758 tonnani tashkil etdi.

Polietilenning barcha markalari bo‘yicha shakllangan kunlik o‘rtacha narxlar bir tonnasi uchun 21 mln 272 ming so‘mdan 14 mln 778 ming so‘mga — 30,5%ga pasaydi.

O‘tkazilgan savdolarda har kuni o‘rtacha 87 xaridor ishtirok etdi.


Avvalroq “Spot” joriy yilning avgust oyida yillik inflyatsiya 12,3%ga yetgani haqida xabar bergandi.