“IT Park” jizzaxlik 22 yoshli IT mutaxassis Asadbek hikoyasini taqdim etdi.
Asadbek Abdurahmonov 2000-yilda Jizzax shahrida tug‘ilgan. Moskva davlat boshqaruvi institutining 3-kurs talabasi.
Birinchi qadam — “Photoshop”
U 14 yoshida dasturlarni mustaqil o‘zlashtira boshlagan. Ayniqsa, “Adobe After Effects” va “Adobe Photoshop” dasturida ishlashga qiziqqan.
Asadbek 15 yoshida faoliyati bilan jiddiy shug‘ullana boshlagan.
Bosmaxonada amaliyot o‘tayotgan kezlari xodimlardan biri unga “Adobe Illustrator”, “Adobe Premiyere”, “Blender”, “Adobe Xd” kabi dasturlarni o‘rgata boshlagan.
U yerda Asadbek qo‘shimcha pul ishlab, bilim va ko‘nikmalarini oshirgan.
Jizzaxdan poytaxtgacha
2019-yilda 19 yoshida u o‘z bosmaxonasini ochib, uchta yosh mutaxassisni ishga jal qildi.
Uch yil davomida turli buyurtma va loyihalar bilan ishladi.
Karantin vaqtida ularning faoliyati bir muddatga to‘xtagan bo‘lsa-da, hozirda bosmaxona Jizzax va poytaxtdagi turli savdo nuqtalari va do‘konlari, o‘quv markazlari va bir nechta kafelar bilan hamkorlik qilmoqda.
22 yoshli Asadbek hozir “Technomart”, “Indenim” kabi mahalliy kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi.
Shuningdek, Jizzax IT markazidagi grafik dizayn kursi o‘qituvchisi sifatida oyiga 50 dan ortiq talabalarga dars beradi.
O‘quvchilari ham shaharning ko‘plab taniqli korxona va firmalarida o‘z mutaxassisligi bo‘yicha ishlashmoqda.
Frilanserlik faoliyati
Asadbek yirik autsorsing platformalaridan birida frilanser bo‘lib ishlaydi, u yerda buyurtma va loyihalarni qabul qiladi.
Asadbek reklama agentligi ochishni va u yerga malakali mutaxassislarni taklif etishni orzu qiladi.
O‘qituvchilik va mustaqil faoliyat ortidan u oyiga $1000 yoki undan ko‘p daromad topadi.
Asadbek yosh bo‘lishiga qaramay yaxshi daromad olish mumkinligini, har qanday yosh mutaxassis shu kabi yoki undan-da yuqori natijalarga erisha olishini isbotlamoqda.
Avvalroq “IT Park” “Uber"da faoliyat yurituvchi o‘zbekistonlik Darxon Mamataliyev bilan suhbatlashgandi.