Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining “Spot"ga taqdim etgan ma’lumotlariga ko‘ra, joriy yilda soliq tushumlarida o‘sish kuzatilgan.

Unga ko‘ra, yanvar-avgust oyida respublika soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,5%ga oshgan.

Soliq tushumlarining o‘sishi viloyatlar kesimida Farg‘onada 38,7%ni qayd etgan bo‘lsa, Toshkent shahrida bu ko’rsatkich 42,8%ga yetdi.

Shuningdek, Samarqand (36,3%), Sirdaryo (35,5%), Surxondaryo (34,4%), Buxoro (32,3%), Xorazm (31,9%) viloyatlarida ham soliq tushumlarining sezilarli o‘sishi qayd etildi.

Soliq tushumlarining o‘sishi asosan, iqtisodiyotdagi ijobiy o‘zgarishlar, soliq ma’muriyatchiligi tizimining takomillashtirilishi hamda yangi ma’muriy vositalarning joriy etilishi hisobidan erishilgan.

Shuningdek, jarayonlarni raqamlashtirish va avtomatlashtirish, tadbirkorlik faoliyatini qonuniylashtirish va soliq qonunchiligiga rioya etish tartibini soddalashtirish ham soliq tushumlarining o‘sishini ta’minlagan.

Avvalroq ekspert soliqdagi o‘zgarishlar tadbirkorlarga foyda keltirishi, biroq narx-navoga nega hech qanday ta’sir ko‘rsatmasligi va buni qanday qilib tuzatish mumkinligi xususida so‘z yuritgandi.

Mutaxassis fikricha hozir ko‘pchilik ko‘chmas mulkini ijaraga berish bilan shug‘ullanadi. Kichkina bino qurib qo‘ysa ijaraga beraman va olaman deydiganlar ham ko‘p.

Bunday faoliyat bilan shug‘ullanuvchilar endi aylanmadan ikki baravarga kam mablag‘ sarf qiladi. Bu ular uchun juda katta natija.

Bu soliq to‘lovchilarni xursand qilish bilan bir qatorda, ularni “qora” bozordan “oqqa” chiqishiga sabab bo‘ladi.


Joriy yilning yanvar-iyul oylarida O‘zbekistonda soliq tushumlari hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 15,9%ga oshgandi.