12-sentabr kuni Toshkent aeroportida rasmiy taksi xizmati ish boshladi, xabar berdi “Uzbekistan Airports”.
“Taxi Airport Tashkent” stikerlari tushirilgan katta va keng yukxonaga ega yangi benzinli avtomobillar uchib kelish zali chiqishida turadi.
Terminal oldiga kirish faqat ushbu taksi xizmati uchun mumkin bo‘ladi.
Aeroportda xizmat korsatish uchun kompaniya “Komfort”, “Biznes”, “Lyuks” va “Premium” tariflarini joriy qildi.
Taksi xizmati quyidagi transport vositalariga ega:
- Komfort: Nexia-3, Cobalt, Gentra;
- Biznes: Tracker-2, Malibu-2, Hyundai H-1, Trailblazer, Equinox;
- Lyuks: Traverse, Nissan Patrol, Tahoe, Tesla Model Y;
- Premium: Toyota Land Cruiser 200 / Land Cruiser 300, Lexus LX 570, Mercedes-Benz W222.
Mijozlarni birinchi qatorda “Komfort” tarifidagi avtomobillar kutadi. Boshqa tariflardagi avtomobillar ikkinchi qatorda turadi yoki yo‘lovchining iltimosiga binoan xizmat ko‘rsatiladi.
Taksi xizmatidan foydalanish tartibi:
Yo‘lovchilar uchib kelish zalida o‘rnatilgan peshtaxta oldiga kelib, manzilini aytadi. Menejer tarif bo‘yicha kilometrni hisoblab chiqadi va to‘lash uchun summani aytadi.
Agar narx yo‘lovchiga to‘g‘ri kelsa, u to‘lovni (naqd yoki bank kartasi orqali) amalga oshiradi va manzili va to‘langan summasi ko‘rsatilgan kvitansiya bilan terminaldan chiqib, birinchi turgan taksiga o‘tiradi.
Shuningdek, Toshkent xalqaro aeroportida uchta avtoturargoh qayta ochildi.
Unga ko‘ra, uchib ketish zali oldidagi avtoturargoh sig‘imi 214 tadan 333 taga kengaytirildi.
Uchib kelish zali oldida esa 175 o‘rinli yangi avtoturargoh qurildi va mavjud 122 o‘rinli avtoturargoh rekonstruksiya qilindi.