Prezident qarori bilan tadbirkorlar faoliyatida o‘tkaziladigan barcha tekshiruvlar “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olinadi.
Bu tizim joriy yilning 1-noyabridan kuchga kirib, unda ro‘yxatga olinmagan tekshiruvlarni o‘tkazish noqonuniy hisoblanadi.
O‘tkazilgan tekshiruvlarning natijalari hamda profilaktika tadbirlari to‘g‘risida ma’lumot tekshiruv yoki profilaktika tadbirlari tugagan kundan boshlab uch kun muddatda “Yagona davlat nazorati” axborot tizimiga kiritiladi.
Nazorat qiluvchi organlar “xavfni tahlil etish” tizimi natijalariga asosan o‘tkaziladigan tekshiruvlarning boshlanishi haqida kamida 10 ish kuni oldin tadbirkorlarni xabardor qiladi.
Shuningdek, qayta tekshiruv o‘tkazishga hamda avval taqdim etilgan hujjatlarni talab qilishga haqli emas.
Profilaktika tadbirlarini tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilgan reja-grafiklar asosida ularning moliya-xo‘jalik faoliyatiga aralashuvisiz o‘tkazish belgilangan.
Bunda seminarlar, ommaviy muhokamalar, ommaviy axborot vositalarida chiqishlar, “ochiq eshiklar kuni” tadbirlarini tashkil etish, shuningdek, tarqatma material va qo‘llanmalar bilan ta’minlash, tavsiya va xabarlar yuborish shakllarida amalga oshirishi keltirilgan.
Qanday holatda tadbirkor o‘z hududida tekshiruv o‘tkazilishiga qarshilik qila oladi
Tadbirkorlik nazorat qiluvchi mansabdor shaxslarni quyidagi hollarda tekshiruv o‘tkazish uchun o‘z hududiga qo‘ymaslik huquqiga ega:
- tekshiruv o‘tkazish to‘g‘risidagi buyruq o‘rnatilgan tartibda rasmiylashtirilmaganda;
- tekshiruv belgilangan tartibda tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha vakil bilan kelishilmaganda yoki u xabardor etilmaganda;
- tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjud bo‘lmaganida;
- ular tekshiruvlarni ro‘yxatga olish kitobiga ma’lumotlarni kiritishdan bosh tortganida.
Shuningdek, 2023-yildan boshlab “Yagona davlat nazorati” axborot tizimidagi davlat nazorati funksiyalari reyestriga kiritilmagan funksiyalar bo‘yicha tekshiruvlar o‘tkazish taqiqlanadi.
Avvalroq “Spot” prezidentning tadbirkorlar bilan uchrashuvidan muhim masalalarni bir joyga jamlagandi.