Bank plastik kartalaridan pul mablag‘larini firibgarlik va o‘g‘rilik yo‘li bilan talon-toroj qilish holatlari ko‘paymoqda. Bu haqda Senatda ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, joriy yilning yetti oyi davomida bu bo‘yicha jami 1 812 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mazkur huquqbuzarlik bo‘yicha Jinoyat kodeksining 168, 169-moddalari bilan javobgarlik belgilanganiga qaramay, ayni paytda bu moddalarda keltirilgan jazo aybdorlar uchun yengillik qilayotgani ta’kidlandi.
Shu sabab qonun bilan bu turdagi jinoyatlar uchun jazo og‘irlashtirilmoqda.
Xususan, axborot tizimlariga noqonuniy kirish orqali mablag‘larni o‘zlashtirgan shaxslar sodir etilgan firibgarlik jinoyati uchun BHMning 300 baravaridan 400 baravarigacha jarima to‘laydi.
Ma’lumot uchun, hozirda bu turdagi jarima miqdori 100 dan 300 gacha.
Shuningdek, amaldagi normaga ko‘ra, ushbu jinoyat uchun 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish belgilangan bo‘lsa, endilikda bu muddat 5 yildan 8 yilgacha o‘zgartiriladi.