Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida Xitoy bilan hamkorlik o‘rnatiladi.

Bu bo‘yicha prezident Shavkat Mirziyoyev hamda Xitoy raisi Si Szinpin o‘rtasida memorandum imzolandi.

Shuningdek, tomonlar “Yashil” taraqqiyot, raqamli iqtisodiyot, qurilish hamda foydali qazilmalarni o‘zlashtirish kabi sohalar bo‘yicha kelishuvga erishdi.

Qo‘shma bayonotda asosiy kelishuvlar, har tomonlama strategik sheriklikning bugungi holati va uni mustahkamlash istiqbollari qayd etilgan.

Tashrif doirasida imzolangan 15 ta hujjatda yana quyidagi sohalarda hamkorlik o‘rnatish belgilangan:

  • 2022−2025-yillarda madaniy almashinuv dasturi;
  • Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;
  • Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;
  • Toshkent viloyati va Chunsin megapolisi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;
  • Buxoro viloyati va Yunnan provinsiyasi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;
  • Buxoro va Kunmin shaharlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.

Bundan tashqari, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka doir umumiy qiymati $15 mlrd.lik kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi.

Avvalroq O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishining Qirg‘iziston hududidagi texnik ishlarni yakunlash belgilangandi.

SHHT Samarqand sammiti doirasida bu bo‘yicha O‘zbekiston Transport vazirligi, Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi o‘rtasida bitim imzolandi.


“Spot” Navoiyda O‘zbekiston-Xitoy dori texnologiyalari parki qurilishi boshlangani haqida xabar bergandi.