Rossiyaning Pitirim Sorokin nomidagi “Siktivkar” davlat universiteti rus tilini o‘qitish bo‘yicha ta’lim markazini ochdi, xabar berdi “TACC”.
Markaz Toshkent moliya instituti qoshida tashkil etilgan bo‘lib, “Ta'lim eksporti” ustuvor federal dasturi bo‘yicha amalga oshirildi.
“Oʻzbekiston taʼlim tizimida rus maktablari kam. Bundan tashqari, institutda tilni o‘rganish soatlarini qisqartirishdi. Bu esa bizni hamkorlik shartnomasini tuzishga va Toshkent moliya instituti qoshida rus tilini o‘qitish bo‘yicha ochiq ta’lim markazini tashkil etishga undadi”, — dedi Maltseva.
Ta’lim markazidagi mashg‘ulotlar Toshkent moliya instituti va Siktivkar universiteti o‘qituvchilari tomonidan onlayn formatda olib boriladi.
Joriy yil oxirigacha 300 dan ortiq kishi markaz talabasi bo‘lishi rejalashtirilgan. Birinchi ta’lim kursi dekabr oyida “Slavyan kodeksi” festivali bilan yakunlanadi.
Markazda nafaqat moliya instituti talabalari, balki butun Toshkent shahri aholisi — bular maktab o‘quvchilari, mehnatga layoqatli aholi tahsil olishi mumkin.
“Shu maqsadda biz oltita ta’lim dasturini ishlab chiqdik. Ta’lim kursini muvaffaqiyatli tugatgandan so‘ng, talabalar sertifikatga ega bo‘ladilar”, — dedi Maltseva.
Uning qo‘shimcha qilishicha, loyiha katta ijtimoiy yo‘nalishga ega, chunki barcha talabalar uchun o‘qish va sertifikat olish bepul bo‘ladi.
"Siktivkar" davlat universiteti Rossiya tarkibidagi Komi Respublikasida 1972-yil tashkil etilgan. 2015-yil 2-martdan universitet “Pitirim Sorokin nomidagi Siktivkar davlat universiteti” deya nomlandi.
“Spot” markaz haqida batafsil ma’lumot olish uchun Moliya instituti bilan bog‘lanishga harakat qildi. Lekin ko‘rsatilgan telefon raqamlari orqali javob olishni iloji bo‘lmadi.
Avvalroq “Spot” O‘zbekistonda Qirol Abdulaziz universiteti bilan hamkorlikda markaz tashkil etilishi haqida yozgandi.