“Uzbekistan GTL” kompaniyasi bakalavriat va magistratura talabalari uchun stipendiya tanlovini e’lon qildi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati xabar bermoqda.

“GTL stipendiyalar dasturi — 4” tanlovida OTMlarning texnika yo‘nalishida tahsil olayotgan 3−4 bosqich bakalavr va 1−2 bosqich magistratura talabalari qatnashishi mumkin.

Stipendiya shartlari qanday

Tanlov quyidagi 3 bosqich asosida o‘tkaziladi:

  • 1-bosqich — onlayn ro‘yxatdan o‘tish

Ishtirok etishni xohlovchi nomzodlar joriy yilning 15-sentabridan 15-oktabriga qadar havola orqali ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Shuningdek, talabalar Telegram-bot orqali tanlov hay’atiga o‘zlari haqida batafsil ma’lumot beruvchi video yuborishlari kerak.

  • 2-bosqich — test yoki yozma imtihon

Ikkinchi bosqich 20-oktabrdan 15-noyabrga qadar o‘tkaziladi.

Bu bosqichda onlayn anketalar va videolar orqali saralangan talabalar mutaxassisliklari va ingliz tili bo‘yicha yozma ish yoki test topshirishadi.

Imtihonlar Qarshi, Buxoro va Toshkent shaharlaridagi OTMlarda o‘tkaziladi.

  • 3-bosqich — suhbat

Ikkinchi bosqichda yuqori natijaga erishgan talabalar 20-noyabrdan 15-dekabrga qadar suhbatda qatnashadi.

Unda mutaxassislik bo‘yicha bilim va shaxsiy fazilatlarini aniqlovchi savol-javob o‘tkaziladi.

Suhbat ham Qarshi, Buxoro va Toshkent shaharlaridagi OTMlarda o‘tkaziladi.

Keyingi bosqichga o‘tgan talabalar ro‘yxati, imtihon o‘tkazish kuni, joyi va vaqti kompaniyaning rasmiy sayti hamda ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalarida e’lon qilinadi.

Stipendiya g‘oliblarini taqdirlash dekabrda o‘tkaziladi.

Stipendiatlar qanday taqdirlanadi

Stipendiya g‘oliblariga 1 yil mobaynida oyma-oy 1 mln so‘m stipendiya beriladi hamda OTMni tugatgandan so‘ng doimiy ish bilan ta’minlanadi.

Shuningdek, “Uzbekistan GTL” zavodida kengaytirilgan ishlab chiqarish va diplomoldi amaliyotlarini o‘tash imkoniyati beriladi.

Amaliyot davomida transport, yashash va ovqatlanish xarajatlari kompaniya tomonidan qoplanadi.

Stipendiya haqida batafsil ma’lumot bu yerda.


Avvalroq Markaziy bank bakalavriat va magistratura talabalari uchun stipendiya tanlovini e’lon qilgandi.

Nomzodlar bank ishi, iqtisodiyot, banklarda buxgalteriya hisobi va makroiqtisodiyot kabi yo‘nalish talabalari bo‘lishi kerak.