“Huawei” va “ZTE” kompaniyalari O‘zbekistonda telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha umumiy qiymati $506,8 mlndan ortiq 4 ta investitsiya loyihasini amalga oshiradi, xabar berdi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi.

“Huawei International” va “ZTE Corporation” kompaniyalari hamda “O‘zbektelekom” o‘rtasida jami 8 ta shartnoma imzolandi.

Unga ko‘ra, mamlakatning g‘arbiy va sharqiy hududlarida telekommunikatsiya tarmoqlari va raqamlashtirishga qaratilgan infratuzilma rivojlantiriladi.

Buning natijasida esa aholining telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlari va qamrovi yanada kengaytiriladi hamda ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati oshiriladi.

Shu bilan birga, xalqaro ahamiyatga ega magistral avtomobil yo‘llari va temir yo‘llarida yuqori tezlikdagi mobil internet bilan to‘liq qamrab olishga erishiladi.

Shuningdek, Toshkent shahrida va barcha viloyatlar markazlarida beshinchi avlod 5G standartidagi tayanch baza stansiyalari o‘rnatiladi.

Bu esa o‘z navbatida ma’lumotlarni uzatish va magistral transport tarmoqlarining o‘tkazuvchanlik qobiliyati kengaytiradi.


Avvalroq “Spot” Navoiyda O‘zbekiston-Xitoy dori texnologiyalari parki qurilishi boshlangani haqida yozgandi.