“KAMAZ” bosh direktori Sergey Kogogin Rossiyadan avtomobillarni joriy rubl kursi bo‘yicha eksport qilish kompaniya uchun zarar ekanini aytdi, deya xabar berdi “Interfax”.
"Bugungi kurs bo‘yicha eksport qilish juda zararli. Biz kompaniyamizning qiyin moliyaviy ahvolini oldini olish uchun eksport hajmini kamaytirishga majbur bo‘ladigan sharoitga keldik", dedi avtokonsern bosh direktori Sergey Kogogin.
So‘nggi yillarda “KAMAZ"ning asosiy eksport bozorlari Qozog‘iston, O‘zbekiston va Vetnam bo‘ldi.
O‘tgan yili korxona tomonidan jami 6 mingga yaqin avtomobil eksport qilindi. Rossiya bozorida esa 39 mingga yaqin avtomobil sotilgan.
Kogogin 2022-yilda kompaniya ishlab chiqarish hajmini yil boshidagi biznes-reja darajasida saqlab qolishini tasdiqladi.
“Hozir biron bir prognoz qilish qiyin. Bugungi buzilgan ta’minot zanjirlarida ishlash har kuni frontga o‘xshaydi, faqat otishmalarsiz. Oldimizdagi vazifa juda qiyin lekin o‘zimiz rejalashtirgan 45 mingta mashinani ishlab chiqarishni amalga oshirishimiz kerak”, — dedi u.
Shu bilan birga u, kompaniya 8 oy ichida avtomobil ishlab chiqarish hajmi 5,8%ga oshib, 28,6 ming donani tashkil etgani haqida xabar berdi.
“Spot” avvalroq “Mercedes-Benz” Rossiyadagi zavodini sotayotgani haqida yozgandi.