Qirg‘iziston hududida O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li quriladi. Bu haqda Transport vazirligi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, SHHT Samarqand sammiti doirasida O‘zbekiston Transport vazirligi, Qirg‘iziston Transport va kommunikatsiyalar vazirligi hamda Xitoy Taraqqiyot va islohotlar davlat qo‘mitasi o‘rtasida bitim imzolandi.
Hujjat bilan 2023-yilning birinchi yarim yilligida Qirg‘iziston hududidagi temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlarni yakunlash belgilandi.
Shuningdek, loyihaning texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqishda tomonlarning ishtiroki, moliyalashtirish va xarajatlarni taqsimlashga aniqlik kiritilgan.
Loyiha Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va Janubiy yo‘llar bilan Fors ko‘rfazi davlatlariga tashuvlarni hamda savdo geografiyasini kengaytirish uchun xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yoʻl loyihalasini jadallashtirish taraqqiyot strategiyasida ham belgilangandi.
Avgustda esa mazkur temir yoʻl liniyasini qurish boʻyicha loyiha sentabr oyida tasdiqlanishi ta’kidlangandi.