Tadbirkorlar va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun O‘zbekiston va Eronga viza olish tartiblari soddalashtiriladi. Bu bo‘yicha ikki davlat rahbarlari o‘rtasida bitim imzolandi.
Shu bilan birga, diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan ikki tomonlama ozod etish belgilandi.
Davlat rahbarlari asosiy kelishuvlar qayd etilgan hamda ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha quyidagi kelishuvlarga erishdi:
- 2022−2025 yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi;
- fan, texnika va innovatsiya sohalarida o‘zaro anglashuv to‘g‘risida memorandum;
- bojxona chegarasi orqali tovarlar va transport vositalarining harakati to‘g‘risida elektron bojxona axborotini almashish to‘g‘risida memorandum;
- E-TIRga oid elektron axborotni almashish to‘g‘risida memorandum;
- fan, tadqiqotlar, ta’lim va texnologiyalar sohalarida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
- ekologiya va atrof-muhitni himoya qilish masalalari to‘g‘risida memorandum;
- qishloq xo‘jaligi vazirliklari o‘rtasidagi bitim;
- sog‘liqni saqlash, davolash, ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ta’lim, farmatsevtika va tibbiy uskunalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
- sport sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;
Neft, gaz, neft-kimyo tarmoqlarida hamkorlikni oshirish hamda bandlik va mehnat munosabatlarini yanada yaxshilash borasida ham memorandum imzoladi.
Bundan tashqari, Abu Rayhon nomidagi O‘zbekiston Sharqshunoslik instituti hamda Eron Arxiv tashkiloti va Milliy kutubxonasi o‘rtasida hamda ikki mamlakatning Ibn Sino fondlari o‘rtasida hujjatlar imzolandi.
Shuningdek, “Chobahor” porti orqali xalqaro yuk tashishlar va tranzitni amalga oshirish to‘g‘risida memorandum imzolandi.
Yil boshida Oʻzbekiston va Eron hududi orqali tovarlar tranzitini oshirish boʻyicha kelishuvga erishilgandi.
Avgust oyida esa “Chobahor” portidan O‘zbekistonga yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yilishi belgilangandi.