PMTI ekspertlari Toshkent shahri tumanlaridagi ko‘p qavatli uylarda ijara narxlari qanday ekanligini tahlil qildi.

Unga ko‘ra, Toshkent shahrida ko‘p qavatli uylardagi ijara narxi o‘rtacha $339 ni tashkil etdi.

Tumanlar kesimida bir xonali uylarning ijara narxi Shayxontohurda $250, Olmazorda $299, Yunusobodda $335, Mirzo Ulug‘bekda $304, Yashnobodda $318, Mirobodda $384, Yakkasaroyda $316, Uchtepada $270, Chilonzorda $310, Sergelida $255 ni tashkil etadi.

4 xonali uylarning ijara narxi Shayxontohurda $400, Olmazorda $333, Yunusobodda $515, Mirzo Ulug‘bekda $388, Yashnobodda $433, Mirobodda $475, Uchtepada $450, Chilonzorda $400, Sergelida $303 ni tashkil etadi.

Natijada eng past narx Sergeli va Olmazor tumanlarida, eng baland narx esa Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan.

Ijara biznesining daromadliligi Toshkent shahri uchun 10% ni tashkil etadi.

Ijara daromadi (rental yields) — uyni ijaraga berish orqali bir yilda olinadigan daromad.

Hozir Toshkentda ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olinadigan daromad o‘rtacha bank valyuta depozitlari tushumidan (3,4%) uch baravar ko‘proq.

Bu esa Toshkent shahrida jamg‘armalarni ko‘chmas mulkka sarflash va uni ijraga berish valyutada depozit ko‘rinishida saqlashdan ko‘ra foydaliroq ekanligini ko‘rsatadi.

Xonadon va ijara narxi nisbati (price/rent ratio) ko‘rsatkichi Toshkent uchun 10 yilni tashkil etadi.

Tahlillar Toshkentda shaxsiy uyga egalik qilish ijarada turishga qaraganda arzonroq bo‘lishini ko‘rsatdi.

Bu esa tabiiy ravishda odamlarda ijrada turishdan ko‘ra o‘z uyiga ega bo‘lish istagini kuchaytiradi.

Toshkent shahri markazidagi xonadonning o‘rtacha narxi YAIMning kishi boshiga to‘g‘ri keladigan ulushidan (price/GDP per capita ratio) 50 barobar ko‘p.

Natijada odamlarning xarid qobiliyati past yoki yuqoriligini ko‘rsatdi.

Toshkent shahrida xonadon ijarasi bozori shakllanishning boshlang‘ich bosqichida turibdi.

Urbanizatsiya jarayonining jadallashib borayotganini inobatga olib, ijara bozorini rivojlantirish uchun quyidagilar tavsiya etiladi:

  • ijarada turuvchilarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishning qonuniy asoslarini yanada mustahkamlash;
  • ijara narxlari keskin o‘zgarishini nazorat qilish, ijara narxini shahar buyicha o‘rtacha narxdan sababsiz keskin 10% dan ko‘proqqa oshira olmaslikni qonunan belgilash;
  • bozorda informatsion asimmetriya muammosining oldini olish maqsadida uy egasi va potensial ijarachini to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘laydigan informatsion texnologiyalarni keng joriy etish.

Xorijda vaziyat qanday

Ekspertlar Toshkent shahridagi ijara uylarining narxlarini tahlil qilish bilan birga xorij davlatlari bilan solishtirdi.

Masalan, ijara daromadi Ruminiyada 6%ni, Polshada 5%ni, Germaniyada 3%ni, Turkiyada esa 2%ni tashkil etadi.

Xonadon va ijara narxi nisbati (price/rent ratio) Turkiyada 52 yilga, Germaniyada 34 yilga, Polshada 18 yilga, Ruminiyada 17 yilga teng.

Xorijdagi xonadonlarning o‘rtacha narxi YAIMning kishi boshiga to‘g‘ri keladigan ulushidan (price/GDP per capita ratio) Ukrainada 158 barobar, Rossiyada 87 barobar, Buyuk Britaniyada 66 barobar, Shveysariyada 20 barobar, Germaniyada 17 barobar, Luksemburgda 5 barobar ko‘p.



Avvalroq, joriy yilning sakkiz oyida aholiga ajratilgan ipoteka kreditlari 9 trln so‘mdan oshgani xabar qilingandi.