Toshkentda o‘tkazilgan tender savdolarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi. Bu haqda Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Joriy yilning sakkiz oyi davomida Toshkent shahridagi budjet va korporativ buyurtmachilar tomonidan jami 2,5 trln so‘mlik 1974 ta tender savdolari o‘tkazildi.

O‘rganishlar natijasida shundan 107,12 mlrd so‘mlik 156 ta tanlov savdosida qonunbuzilish holati kuzatilgan.

Bunday holatga yo‘l qo‘yganlar orasida “Uzbekistan Airways Technics”, R.Gliyer nomidagi respublika ixtisoslashtirilgan musiqa maktabi, “O‘zbekiston temir yo‘llari” va Olmazor tuman hokimligi kabi korxona va tashkilotlar bor.

Jami 52 ta tashkilotga qonunbuzilish bo‘yichaga ish qo‘zg‘atilib, tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Shuningdek, 23 ta xarid buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilingan.

81 ta xaridlarda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlar yuzasidan chora ko‘rish uchun huquqni muhofaza qiluvchi organlarga ma’lumot kiritilgan.

Joriy yilning olti oyi davomida o‘tkazilgan 4 512 ta tanlov savdolari tahlil qilinib, 2 305 ta savdo jarayonida 2 511 ta raqobatga zid holatlar aniqlangandi.

1 823 ta holatda savdolar o‘tkazishning qonunchilikda belgilangan tartibi buzilishiga yo‘l qo‘yilgan.


Avvalroq “Spot” energetika sohasida “SCADA” va “EMS” loyihasini amalga oshirish boʻyicha tender eʼlon qilingani haqida yozgandi.

Tanlov barcha kompaniyalar va jismoniy shaxslar uchun ochiq bo‘lib, tender takliflari joriy yilning 30-noyabrigacha qabul qilinadi.