Joriy yilning yanvar-avgust oylarida aholiga 42 mlrd kilovatt/soat elektr energiyasi yetkazib berildi.
Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 2,3 mlrd kilovatt-soat yoki 5,8%ga ko‘p.
Aholini elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida mamlakatda xorijiy investitsiyalar bilan ishlar olib borilmoqda.
Xususan, o‘tgan yili Navoiy viloyatining Karmana tumanida 100 MVt quvvatli O‘zbekistondagi birinchi yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilgandi.
Stansiya kuniga 1 mln kilovatt-soatdan ortiq elektr energiyasi ishlab chiqarmoqda. Ishga tushgandan buyon esa 252 mln kVt.soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, stansiya 80 ming xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
Mazkur quyosh fotoelektr stansiyasi BAAning “Masdar” kompaniyasiga tegishli bo‘lib, hozir 500 megavatt quvvatga ega Zarafshon shamol elektr stansiyasini qurishni rejalashtirgan.
Saudiya Arabistonining “ACWA Power” kompaniyasi Qoraqalpog‘istonda shamol elektr stansiyasi quradi.
Shamol stansiyasi quvvati 1,6 mln xonadonni elektr energiyasi bilan ta’minlash va yiliga 2,4 mln tonna uglerod chiqindilari chiqishini oldini olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
“Oil&Gas” ma’lumotlariga ko‘ra, loyiha qiymati $2,4 mlrd.ga teng boʻlib, stansiya 1500 MVt quvvatga ega.
Shamol elektr stansiyasini 2026-yilning birinchi choragida toʻliq ishga tushirish rejalashtirilgan.
Kompaniya bundan ham boshqa loyihalarni tadbiq etmoqda. Xususan, Buxoro viloyatining ikkita tumanida har biri 500 megavatt quvvatga ega ikkita shamol elektr stansiyasini qurmoqda.
Shuningdek, Qoraqalpog‘istonda 100 megavatt quvvatga ega, Sirdaryoda quvvati 1500 megavatt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasini qurmoqda. Uni 2023 yilning to‘rtinchi choragida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Joriy yilning iyul oyida Fransiyaning “Total Eren” kompaniyasi Samarqand viloyatida 131 MVt quvvatga ega quyosh elektr stansiyasi faoliyatini yo‘lga qo‘ydi.
Fotoelektr stansiya140 mingga yaqin mahalliy aholini elektr energiyasi bilan ta’minlashi kutilmoqda.
Bu borada gap ketganda, quyosh va shamol elektr uskunalarini oʻrnatgan aholiga kompensatsiya toʻlanishini ham ta’kidlash kerak.
Muqobil energiya uskunalarini oʻrnatish istagida boʻlgan aholi va tadbirkorlar bu imkoniyatlardan foydalanishi uchun biron-bir idoraga borishga majbur boʻlmaydi.
Barcha hujjatlar uskuna xarid qilinadigan joyning oʻzida hal boʻladi.