Joriy yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonda eng ko‘p “Cobalt” avtomobili ishlab chiqarilgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu davrda ishlab chiqarilgan “Cobalt” avtomobili soni 60 660 tani tashkil qildi.
Yanvar-avgust oylarida “Cobalt"dan keyin “Lacetti-Gentra” — 55 476 ta, “Damas” — 46 622 ta, “Nexia T-250” — 15 680 va “Spark” — 8 657 ta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.
Shuningdek, maxsus yengil avtomobillar soni 12 168 tani tashkil etadi.
Joriy yilning dastlabki yetti oyi davomida O‘zbekistonda 162 518 ta yengil avtomobil ishlab chiqarilgandi.
Bundan tashqari, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Ukraina va Rossiya kabi mamlakatlarga qiymati $194,0 mln.ga teng yengil avtomobillar eksport qilingan.
“UzAuto Motors” kompaniyasi vakili Kamoliddin Umurzaqovning ta’kidlashicha, 2022-yilning oxirigacha avtomobil ishlab chiqarish ko‘rsatkichini 340 mingga yetkazish belgilangan.
Bundan tashqari, kompaniya bu ko‘rsatkichni kelgusi yillarda 400 mingdan oshirmoqchi.
Shuningdek, “UzAuto Motors” yil oxirida “Spark” va “Nexia” ishlab chiqarishni to‘xtatishini ma’lum qilgandi.