Braziliyadagi qahva zahiralari kelasi yilning mart oyigacha rekord darajada kamayishi mumkin. Bu haqda “Bloomberg” bergan ma’lumotlarga tayanib “Forbes” nashri xabar qildi.

Braziliya milliy qahva kengashi prezidenti Silas Brasileyro mamlakatdagi qahva zaxiralari mart oyigacha 7 mln qopgacha kamayishini prognoz qildi.

Tahlilchilar har biri 60 kg og‘irlikdagi 9−12 mln qopdan iborat zahiralar me’yoriy daraja ekanini ta’kidlashgan.

“Zaxiralar shunchalik kamki, kelasi yil yaxshi hosil olinsa ham Braziliyadagi talabni qondirishga yetarli darajada qahva bo‘lmaydi. Bizga faqat yomg‘ir kerak”, — dedi “Cecafe” eksportchilar guruhi boshqaruvi a’zosi Nelson Karvalyayesh.

Braziliyadagi qahva donalarining taqchilligi global tus olmoqda. Xususan, AQShning “ICE Futures” birjasi tomonidan nazorat qilinadigan port omborlaridagi “Arabica” zaxiralari so‘nggi 23 yildagi eng past darajada ekanligi ta’kidlangan.

Nyu-Yorkda “Arabica” fyucherslari narxi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 11%ga o‘sdi va tahlilchilar bu o‘sish davom etishini kutishmoqda.

“hEDGEpoint Global Markets” tadqiqot kompaniyasi ma’lumotlari qahva iste’moli o‘tgan yili 2%ga, joriy yilning o‘zida esa 1,5%ga oshganini ko‘rsatmoqda.

“Bu esa qahva bozoridagi talab ketma-ket ikkinchi yil taklifdan oshib ketishini ko‘rsatadi”, — dedi “hEDGEpoint” tahlilchisi Natalya Gandolfi.

Shunigdek, “Starbucks”, “JDE Peet’s” va boshqa kompniyalar allaqachon inflyatsiya bosimiga javoban narxlarni oshirishni boshlagan.


Avvalroq Rossiyaning avtomobil bozorida yetishmovchilik kuzatilayotgani, Qozog‘istonda esa elektr energiyasi taqchilligi yuzaga kelishi mumkinligi haqida xabar berilgandi.