Mart oyida Gollandiyaning “Heineken” kompaniyasi Rossiyada o‘z brendi ostida pivo ishlab chiqarishni to‘xtatgandi.
Biroq kompaniya mamlakatdagi barcha zavodlari, operatsion va tijorat bo‘linmalari odatdagidek ishlashda davom etishi haqida ma’lum qilgandi.
Endi esa kompaniya Rossiya bozorida Coca-Cola va Pepsi bilan raqobatchi bo‘lishi mumkin, xabar berdi “Kommersant”.
Ukrainadagi urush tufayli Coca-Cola va Pepsi Rossiyadagi faoliyatini va mahsulotlarini ishlab chiqarishni to‘xtatgandi.
Bu esa pivo bozori yetakchilarini gazlangan ichimliklar bozoridan ulush olish imkoniyati bilan qiziqtirdi.
Shunday qilib, Rossiyaning “Heineken” kompaniyasi o‘zining kola, apelsin va limon ta’miga ega mahsulotlarini ishlab chiqarishni maqsad qildi.
Iyul-avgust oylarida “Heineken"ning Rossiya bo‘limi Federal akkreditatsiya xizmatidan alkogolsiz gazlangan ichimliklar uchun bir qator muvofiqlik deklaratsiyasini ro‘yxatdan o‘tkazgan.
Mahsulotlar “Royal Cola Original”, “Royal Cola Zero”, “Tony Lemony Orange” va “Tony Lemony Lemon” nomlari ostida ishlab chiqariladi.
Ichimliklar Rossiyadagi “Heineken” zavodida shisha, plastik butilkalar va alyuminiy qutilarga solinadi.Biroq alyuminiy qutining yo‘qligi va CO2 yetkazib berishdagi qiyinchiliklar yangi mahsulotlarni ishlab chiqarishni qiyinlashtiradi, deyiladi xabarda.