Alisher Usmonovning singlisi Saodat Narziyevaga qo‘yilgan Yevropa Ittifoqining sanksiyalari bekor qilindi. Bu haqda “Guardian” nashri xabar bermoqda.
Joriy yilning aprel oyida ro‘yxatga kiritilgan rossiyalik amaldorlar va oligarxlarning bir qator qarindoshlari qatorida Saodat Narziyeva ham bor edi.
Shuningdek, o‘chirilgan boshqa ismlar orasida marhum rossiyalik siyosatchi Vladimir Jirinovskiy va moliyachi Mixail Fridmanning sobiq rafiqasi Olga Ayziman ham bor.
Usmonov va Narziyeva aprel oyida Yevropa Ittifoqi bo‘ylab sayohat qilish yoki a’zo davlatlar hududida joylashgan aktivlardan foydalanishga to‘sqinlik qilgan sanksiyalarni bekor qilish maqsadida har biri alohida sudga murojaat qilgan. Biroq shunga qaramay Usmonov ro‘yxatda qolgan.
“Biz boshidanoq Saodat Narziyevaga nisbatan qo‘llanilgan sanksiyalar yolg‘on ayblovlarga asoslanganligini aytgan edik, hozirda bu ayblovlar ishonchli va aniq rad etildi”, — dedi Narziyevaning matbuot kotibi.
Avvalroq Vengriya Yevropa Ittifoqidan Alisher Usmonovga nisbatan sanksiyalarni bekor qilishni so‘ragandi.
Vengriya hukumati matbuot kotibi Zoltan Kovachning ayrim shaxslar va kompaniyalarning sanksiyalar ro‘yxatiga kiritilishi yetarlicha asoslantirilmaganini ta’kidlagan.
Avvalroq tadbirkor Alisher Usmonov Yevropa Ittifoqi tomonidan unga nisbatan joriy qilingan sanksiyalar yuzasidan sudga murojaat qilgani xabar qilingandi.