Joriy yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonga kelgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravarga ko‘payib, 3,1 mln nafarni tashkil etdi. Bu haqda prezident bilan o‘tkazilayotgan videoselektorda ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, yil boshidan turizm eksporti hajmi $926 mln.ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich esa 2019-yilda $951 mln bo‘lgan.

Shuningdek, sayohat davomiyligi o‘rtacha 4−5 kunga to‘g‘ri kelib, sarflangan mablag‘i $305 gacha ko‘paydi.

2019-yilgi raqamlar esa o‘rtacha 3 kunni tashkil etib, turistlar $195 sarflagan.

Ichki turizm ko‘rsatkichlari ham o‘tgan yilga nisbatan 3,5 baravarga o‘sib, 7,5 mln nafarni tashkil qildi.

Yil boshidan buyon ichki sayyohlarni qabul qilish bo‘yicha Samarqand — 900 ming, Farg‘ona — 850 ming, Andijon — 650 ming nafar ichki turistlar bilan yetakchilik qilmoqda.

Ayrim viloyat, tuman va shaharlar natijalari yaxshi emasligini ta’kidladi prezident.

Xususan, Sirdaryoga — 151 ming, Navoiyga — 262 ming, Jizzaxga — 275 ming ichki sayyoh tashrif buyurgan.

Chetdan kelgan turistlar uchun ko‘rsatilgan xizmatlar Qashqadaryoda juda past bo‘lib, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Kasbi tumanlarida turizm xizmatlari umuman ko‘rsatilmagan.

Shu bilan birga, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Namangan va Surxondaryoda ham xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatishdan tushumlar qolgan hududlardan ancha orqada.

Ayniqsa, Sherobod, Oltinsoy, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Arnasoy, Karmana, Urgut, Guliston, Yangiyo‘l, Xiva tumanlarida turizm xizmatlari umuman ko‘rsatilmagan.

Shuningdek, O‘zbekistonga kelayotgan turistlar oqimining eng ko‘pi Qozog‘istonga to‘g‘ri kelib, sakkiz oyda bu mamlakatdan 922,7 ming turist kelgani ma’lum qilingandi.

Undan keyingi kuchli uchtalikni Qirg‘iziston (821,9 ming) hamda Tojikiston (814,5 ming) egalladi.