Osiyo taraqqiyot banki $2,8 mlrd.lik 27 ta loyihani O‘zbekiston bilan birgalikda amalga oshirish to‘g‘risida kelishuvga erishdi. Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining matbuot xizmati xabar bermoqda.

Mablag‘lar 2022−2024 yillarga mo‘ljallangan sug‘urta operatsiyalari bo‘yicha biznes-rejasi doirasida ajratiladi.

Bankning mamlakatdagi joriy portfeli $3,7 mlrd.lik 24 ta loyihadan iborat ekanligi ta’kidlangan.

Bu yil $274 mln.lik 1 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha shartnoma imzolangan.

Shuningdek, Ipoteka bozori sektorini rivojlantirish va budjetni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan $650 mln.lik 2 ta loyiha bo‘yicha muzokaralar yakunlangan.

Mazkur loyihalar bo‘yicha bitimlar joriy yil oxirigacha imzolanadi.

Bundan tashqari, OTB O‘zbekistonning yer va suv resurslarini samarali boshqarishga $150 mln.lik kredit hamda $3 mln.lik grant ajratishi haqida xabar berilgandi.


Avvalroq “Spot” Islom taraqqiyot banki Surxondaryoda IES qurishga $100 mln ajratishi haqida yozgandi.