“Toshkent” xalqaro aeroportida Majburiy ijro byurosining xizmat ko‘rsatish bo‘limi ishga tushdi. Bu haqda kompaniyaning matbuot xizmati xabar bermoqda.

Bo‘lim O‘zbekiston fuqarolarining chet elga chiqishiga taqiq qo‘yish bilan bog‘liq muammoli vaziyatlarning yechimi bilan shug‘ullanadi.

Toshkent xalqaro aeroportining jo‘nab ketish zalidagi ma’lumot stolida joylashgan bo‘limda MIB xodimlari 24/7 ishlashi ta’kidlangan.

Xizmat orqali xodim yo‘lovchining iltimosiga binoan qarz bor yoki yo‘qligini aytishi mumkin.

Shuningdek, qarzni to‘lab va to‘lov hujjati taqdim etilganidan so‘ng MIB xodimi tizimni yangilashi va yo‘lovchidan ketish uchun taqiqni olib tashlashi mumkin.

MIB vakili to‘lovlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri qabul qilmaydi. Ayni paytda yo‘lovchilar faqat elektron to‘lov tizimlari (“Click”, “PayMe”, “Apelsin” va boshqalar) orqali qarzdorliklarni yopishlari mumkin.

Yaqin kunlarda auksionlar yakunlangach, Toshkent aeroportida o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish shoxobchalari o‘rnatiladi va ular orqali yo‘lovchilar nafaqat plastik kartalar, balki naqd pulda ham to‘lovlarni amalga oshirishlari mumkin bo‘ladi.


Avvalroq “Uzbekistan Airports” boshqaruv raisi Ra’no Jo‘rayeva aeroportda ish boshlagan taksi xizmati va “bombilalar” muammosiga izoh bergandi.