Joriy yilning yanvar-avgust oylarida sotuvga chiqarilgan 17,3 trln so‘mlik 3 076 ta davlat aktividan 3,3 trln so‘mlik 864 ta aktivlar sotildi. Bu haqda bosh prokuratura xabar qilmoqda.

Shuningdek, 1-sentabr holatiga bo‘sh turgan obyektlar xatlovi natijasida 2 465 ta obyekt reestri shakllantirildi.

Ularning 1 163 tasi davlat va 1 302 tasi davlat ulushi mavjud bo‘lgan mulklarni tashkil etgan.

Sakkiz oy davomida 292 ta qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 67 ta taqdimnoma kiritilib, qonunga zid bo‘lgan hujjatlarni bekor qilish yoki muvofiqlashtirish yuzasidan 11 ta protest keltirildi.

Qonun buzilishiga yo‘l qo‘ygan 34 nafar shaxs intizomiy, 6 nafari ma’muriy javobgarlikka tortildi, 24 nafar shaxs rasman ogohlantirilgan.

Sudlarga 4 ta da’vo arizasi kiritilib, qo‘pol qonun buzilish holatlari yuzasidan 14 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi hamda 31 nafar shaxsning buzilgan huquqlari tiklangan.

Yil yakuniga qadar samarasiz ishlayotgan davlat mulki obyektlarini hamda qishloq xo‘jaligi uchun mo‘ljallanmagan yer maydonlarini sotish, davlat va yirik korxonalar mulklarini ijaraga berish orqali 20 trln so‘m tushumni ta’minlash belgilangan.

Bundan tashqari, joriy yilda xususiylashtiriladigan davlat ulushi mavjud korxonalarning 37 tasi 1,5 trln so‘mga sotilgandi.

Rejadagi 150 ta davlat ulushlarini 3 va 4-choraklarda sotish rejalashtirilgan.

Shuningdek, sotilishi belgilangan 250 ta davlat ko‘chmas mulklari o‘rniga 535 ta obyektlarning sotilishi ta’minlandi.


Avvalroq “Spot” Toshkentda o‘tkazilgan tender savdolarida 107 mlrd so‘mlik qonunbuzilish holatlari aniqlangani haqida xabar bergandi.