Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida ichki va tashqi turizm salohiyatini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

“Spot” unda ko‘tarilgan muhim topshiriq va vazifalarni bir joyga jamladi.


Turizm eksporti hajmi $926 mln

Joriy yilning sakkiz oyi davomida O‘zbekistonga kelgan xorijiy turistlar soni 2021-yilga nisbatan 3 baravarga ko‘payib, 3,1 mln nafarni tashkil etdi. Bu haqda prezident bilan o‘tkazilayotgan videoselektorda ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, yil boshidan turizm eksporti hajmi $926 mln.ni tashkil etdi. Bu ko‘rsatkich esa 2019-yilda $951 mln bo‘lgan.

Shuningdek, sayohat davomiyligi o‘rtacha 4−5 kunga to‘g‘ri kelib, sarflangan mablag‘i $305 gacha ko‘paydi.

2019-yilgi raqamlar esa o‘rtacha 3 kunni tashkil etib, turistlar $195 sarflagan.

Ichki turizm ko‘rsatkichlari ham o‘tgan yilga nisbatan 3,5 baravarga o‘sib, 7,5 mln nafarni tashkil qildi.


Ichki turizmda Samarqand yetakchi

Yil boshidan buyon ichki sayyohlarni qabul qilish bo‘yicha Samarqand — 900 ming, Farg‘ona — 850 ming, Andijon — 650 ming nafar ichki turistlar bilan yetakchilik qilmoqda.

Ayrim viloyat, tuman va shaharlar natijalari yaxshi emasligini ta’kidladi prezident.

Xususan, Sirdaryoga — 151 ming, Navoiyga — 262 ming, Jizzaxga — 275 ming ichki sayyoh tashrif buyurgan.

Chetdan kelgan turistlar uchun ko‘rsatilgan xizmatlar Qashqadaryoda juda past bo‘lib, Shahrisabz, Yakkabog‘, Qamashi, Kasbi tumanlarida turizm xizmatlari umuman ko‘rsatilmagan.

Shu bilan birga, Jizzax, Navoiy, Sirdaryo, Namangan va Surxondaryoda ham xorijiy turistlarga xizmat ko‘rsatishdan tushumlar qolgan hududlardan ancha orqada.

Ayniqsa, Sherobod, Oltinsoy, Kosonsoy, To‘raqo‘rg‘on, Arnasoy, Karmana, Urgut, Guliston, Yangiyo‘l, Xiva tumanlarida turizm xizmatlari umuman ko‘rsatilmagan.


Turizmda yangi tizim joriy etiladi

Bundan buyon viloyat, tuman va shahar hokimlari haftasiga bir marta turoperator, mehmonxona va dam olish maskanlari vakillari bilan uchrashib, ularning muammolarini hal qilib boradigan tizim joriy qilinadi.

So‘nggi yillarda turizm sohasi oldidagi 11 ta katta muammolardan quyidagi 6 tasi hal qilindi:

  • sayyohlarga viza berish keskin liberallashtirildi;
  • aeroportlarda navbatlar va tekshirishlarga barham berildi, yashil yo‘laklar qilindi, vokzallarda ham qulay sharoitlar yaratildi;
  • mehmonlar elektron ro‘yxatdan o‘tkaziladigan bo‘ldi, ular erkin harakatlanishi uchun hamma sharoitlar yaratildi;
  • valyuta ayirboshlashga cheklovlar bekor qilindi;
  • m o‘rinlari soni 3 barobarga ko‘payib, 125 mingtaga yetdi;
  • turistik korxonalar uchun ijtimoiy soliq va aylanma soliq stavkalari 1 foiz etib belgilandi, yer solig‘i va mol-mulk soliq stavkalari 90%ga kamaytirildi.

Xorijiy OAV va mashhur turistik blogerlar uchun press-tur

Samarqandda barpo etilgan yangi aeroport, 8 ta mehmonxona, kongress-xoll, park, boshqa ko‘ngilochar va dam olish majmualarini o‘zbekistonliklar hamda xorijiy sayyohlar uchun ishlatish kerakligi ta’kidlandi.

Shu bois Tashqi ishlar vazirligiga “Samarqand — Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi” targ‘ibot kampaniyasini o‘tkazish hamda Samarqandga sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi"ni tasdiqlash topshirildi.

Elchixonalar oldiga xorijiy mamlakatlarda targ‘ibot kampaniyasi, xorijiy ommaviy axborot vositalari, mashhur turistik blogerlar uchun press-turlar tashkil etish vazifasi qo‘yildi.


Samarqandda 10 ta xalqaro reys yo‘lga qo‘yiladi

Transport vazirligiga barcha davlatlarning aviatsiyaga mas’ul idoralariga Samarqand aeroportida xorijiy aviakompaniyalar reyslari va yo‘nalishlariga bo‘lgan barcha cheklovlar olib tashlanganini yetkazish topshirildi.

Xorijiy aviakompaniyalar bilan kelishuvga erishib, Samarqandga Yevropa, Osiyo, Amerika, Arab davlatlari hamda qo‘shni mamlakatlardan kuniga kamida 10 ta xalqaro reyslarni yo‘lga qo‘yish belgilandi.

Shuningdek, vodiy, Nukus, Urganch va Termizdan har kuni kamida 1 ta aviaqatnovni yo‘lga qo‘yish topshirildi.

Vazirlar Mahkamasiga bir oy muddatda Samarqandda bir yillik xalqaro uchrashuvlar va anjumanlarni o‘tkazish dasturini tasdiqlash topshirig‘i berildi.

Besh kun muddatda Samarqanddagi yangi majmualarni ishlatish, buning uchun qo‘shimcha imtiyoz va yengilliklar berish bo‘yicha alohida qaror loyihasini ishlab chiqish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.


Viloyat hokimlariga “turistik halqa” loyihasini ishlab chiqish topshirildi

Hamma viloyat, shahar va tumanlarda sayyohlar boradigan joylarni ko‘paytirish kerakligi qayd etildi.

“Har bir hokim o‘ziga shunday savolni bersin: „mening viloyatim, shahar va tumanimga sayyohlar qayerga va nimani ko‘rishga keladi?“ Qaysi hokim shu savolga to‘g‘ri javob topib, turizm dasturlarini qilsa, albatta o‘zgarish bo‘ladi”, — dedi Prezident.

Har bir viloyat hokimiga ichki va chetdan turist jalb qilish bo‘yicha o‘zining “turistik halqasi"ni tashkil etish bo‘yicha loyihasini ishlab chiqish topshirildi. Eng yaxshi loyihalarga tanlov asosida $20 mln.gacha kredit ajratiladi.

Markaziy bankka 1 trln so‘mlik kredit resurslarini ajratish, yil yakuniga qadar yana qo‘shimcha $100 mln xorijiy kredit liniyalari jalb qilish topshirig‘i berilgan bo‘lsada, bu mablag‘lar hali tadbirkorlarga yetib bormagani tanqid qilindi.

Agar 1 trln so‘m mablag‘lar tijorat banklariga joylashtirilmasa, Markaziy bank rahbariyatiga nisbatan qat’iy choralar ko‘rilishi ta’kidlandi.

1-noyabrgacha turizm xizmatlari uchun $100 mln.lik kredit liniyasini ochish, yil yakuniga qadar kelgusi yil uchun yana qo‘shimcha $100 mln jalb qilish topshirildi.


“Safari” turizmi rivojlantiriladi

Barcha suv omborlari, o‘rmon xo‘jaligi yerlarini o‘rganib, ularda turistik zonalar tashkil etish bo‘yicha dastur ishlab chiqish hamda bojxona-chegara punktlaridan tezkor o‘tkazish xizmatini yo‘lga qo‘yish, turistik axborot markazlarini ishga tushirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.

Qoraqalpog‘iston, Buxoro, Qashqadaryo, Navoiy, Surxondaryo, Farg‘ona va Xorazmning cho‘l hududlarida “safari” turizmini rivojlantirish maqsadida yo‘l tanlamas transportlar uchun import to‘lovlarini tushirish taklifini kiritish topshirildi.


Buxoro ziyorat turizmiga 40 mlrd so‘m ajratiladi

Prezident mamlakatning ziyorat turizmi imkoniyatlaridan to‘liq foydalanish zarurligini ta’kidladi.

Moliya vazirligiga Buxoroda ziyorat turizmi obyektlari infratuzilmasini yaxshilash uchun mahalliy budjetga 40 mlrd so‘m ajratish topshirildi.

Turizm vazirligi oldiga ziyorat turizmi salohiyati yuqori Indoneziya, Malayziya, Hindiston, Pokiston, Bangladesh va arab davlatlaridan Samarqand, Buxoro va Toshkentga aviareyslarni ko‘paytirish vazifasi qo‘yildi.

Mutasaddilarga mamlakatimizdagi 1 ming 200 dan ziyod ziyoratgohlar imkoniyatlarini to‘liq ishga solib, yiliga kamida 1 mln sayyoh jalb qilish dasturini tasdiqlashga ko‘rsatma berildi.

Ziyoratga kelayotgan turistlarning mazhabi, tariqati, yondashuvi har xilligini inobatga olib, qaysi din yoki mazhab vakillariga qanday ovqatlar taklif qilishni, mehmonxona va ibodat joylarini qanday jihozlashni ilmiy yondashuvlarsiz qilib bo‘lmasligi ko‘rsatib o‘tildi.

Muqaddas joylar, avliyo va pirlar haqida ma’lumot bera oladigan mutaxassislar va gidlar ham kamligi aytildi.

Shu munosabat bilan Islom akademiyasi, “Ipak yo‘li” universitetiga ziyorat turizmi oqimi ko‘p bo‘lgan davlatlar uchun ilmiy asoslangan yondashuvlarni ishlab chiqish topshirildi.


Oilaviy tadbirkorlik dasturlariga qo‘shimcha 500 mlrd so‘m yo‘naltiriladi

Infratuzilma masalalarni hal etish uchun 200 mlrd so‘m ajratilsa, kamida 3 mln turistni jalb qilish mumkinligi ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan mutasaddilarga:

  • viloyat hokimlari bilan birga bir oy muddatda turizm mahallalarida yo‘l, elektr, suv va internet muammosini hal etish bo‘yicha hukumat qarorini kiritish;
  • ushbu dasturni moliyalashtirishga yiliga 200 mlrd so‘m ajratish;
  • yil yakunigacha oilaviy mehmonxonalarni ko‘paytirish uchun oilaviy tadbirkorlik dasturlariga qo‘shimcha 500 mlrd so‘m yo‘naltirish;
  • kelgusi yil 1-aprelga qadar Koreya tajribasi asosida 135 ta turizm mahallasini tadbirkorlarga boshqaruvga berib, ularni tematik turizm qishloqlariga aylantirish topshirildi.

Temir yo‘l va avia qatnovlar soni va sifati talab darajasida emas

“Toshkent-Samarqand” va “Toshkent-Andijon” yo‘nalishlarida avtomobilda yo‘lovchi tashish vaqti o‘rtacha 1−1,5 soatga ko‘paydi.

Lekin, temir yo‘l va avia qatnovlar soni va sifati talab darajasida emasligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois tegishli mutasaddilarga:

  • vodiy viloyatlaridan Toshkent, Nukus, Buxoro, Urganch shaharlariga har kuni aviareyslarni yo‘lga qo‘yish;
  • viloyat markazlaridan Toshkent, Nukus, Buxoro, Qarshi, Termiz va Urganch shaharlariga avia va temir yo‘l qatnovlarini 2 baravar ko‘paytirish;
  • kamida 500 ta eski tipdagi vagonlarni kelgusi ikki yilda rekonstruksiya qilish bo‘yicha alohida dastur qabul qilish
  • viloyatlar hududidagi kongres-xoll, saroylar, mehmonxonalar infratuzilmasidan samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish;
  • shveysariyalik mutaxassislar bilan birga Buxoro, Zomin va Bo‘stonliq turizm kollejlarida mehmonxona boshqaruvi, servis va boshqa yo‘nalishlarda yangi o‘quv dasturlari asosida o‘qitishni boshlash;
  • “Ipak yo‘li” turizm universitetida mehmonxona va servis sohasida o‘rta bo‘g‘in xodimlarini tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar rejasini tasdiqlab, yiliga kamida 1 ming nafar yoshlarni o‘qitish topshirildi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” raisi H.Hosilov 3 oyda o‘z tizimida o‘zgarish qilmasa, ishdan olinishi haqida ogohlantirildi.


“Duty free” va “Taxi free” tizimlari tanqid qilindi

“Dyuti fri” va “taks fri” tizimlarini joriy etish bo‘yicha qaror imzolanganidan 3 yil o‘tganiga qaramay, sustkashliklarga yo‘l qo‘yilayotgani tanqid qilind i.

Turizm vaziri A.Abduhakimov, moliya vaziri T.Ishmetov, Soliq qo‘mitasi raisi Sh.Qudbiyev va Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov qat’iy ogohlantirilib, ushbu tizim 2023-yil 1-yanvardan to‘liq ishga tushishi shartligi belgilandi.

Videoselektor yig‘ilishida sayyohlik tashkilotlariga qo‘yilgan talablarni soddalashtirish zarurligi ta’kidlandi.

Misol uchun, bugungi kunda mehmonxona tashkil etish uchun 97 ta, “yulduz” olish uchun esa 138 ta talab mavjud.

“Agar turizm sohasida raqobat qilishni istasak, birinchi navbatda, mehmonxonalar sifatiga alohida e’tibor qaratishimiz zarur”, — dedi prezident.

Mehmonxonalar tashkil etish uchun talablarni xalqaro standartlar asosida soddalashtirish topshirildi.

Turistlarni ichki ishlar idoralarida ro‘yxatga olish tizimi ham yengillashtirilishi lozimligi ko‘rsatib o‘tildi.

“Eng rivojlangan mamlakatlar ham har bir turist uchun talashayotgan paytda, bizdagi ortiqcha cheklovlarni hammasini qayta ko‘rib chiqish kerak”, — dedi davlatimiz rahbari.

Shu munosabat bilan turizm va ichki ishlar vazirlariga xorijiy turistlarni ichki ishlar idoralarida vaqtinchalik ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ruxsat olishdan onlayn xabardor qilish tartibiga o‘tkazish topshirildi.


Turagentlarga litsenziya talabi bekor qilinadi

Yig‘ilishda turagentlarga litsenziya talabini bekor qilib, xabardor qilish tartibiga o‘tkazish bo‘yicha qaror loyihasini kiritish vazifasi qo‘yildi.

Umuman, Turizm vazirligi va viloyat hokimlari oldiga yangi imkoniyatlardan foydalanib, kelgusi yilda kamida 7 mln xorijiy va 12 mln ichki turistlarni jalb qilish vazifasi qo‘yildi.

Kelgusi yilda turizm eksportini kamida $2 mlrd.ga yetkazish uchun barcha imkoniyatlar borligi ta’kidlandi.