Rossiyaning “IrAero” aviakompaniyasi “Samarqand” xalqaro aeroportidan Tatariston poytaxti Qozonga yangi yo‘nalish ochdi. Bu haqda “Uzbekistan Airports” xabar bermoqda.

Reyslar 20-sentabrdan boshlangan bo‘lib, Samarqandga va ortga parvozlar haftada bir marta — seshanba kunlari amalga oshiriladi.

Joriy yilning oktabr oyi oxirigacha Samarqanddan Qozonga samolyotlar mahalliy vaqt bilan soat 18:30da parvoz qiladi.

Bir yo‘nalishdagi parvoz vaqti 3 soat 40 minut.

Yo‘lovchilarni tashish “Sukhoi Superjet 100” samolyotlarida amalga oshiriladi.

Avvalroq Rossiyaning “Yamal” aviakompaniyasi Toshkent va Namanganga parvozlarni yo‘lga qo‘yishi xabar qilingandi.

Unga ko‘ra,14-sentabrdan Toshkentga to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar haftasiga ikki marta dushanba va chorshanba kunlari, 17-sentabrdan esa haftasiga bir marta shanba kunlari Namanganga parvozlar boshlandi.

Kompaniya haqida

IrAero” aviakompaniyasi 1999-yilda tashkil etilgan va Irkutsk xalqaro aeroportida joylashgan.

Kompaniya parki Airbus A319, Superjet 100, Bombardiyer CRJ-200LR kabi samolyotlardan, shuningdek, Antonov yo‘lovchi va yuk tashuvchi samolyotlaridan iborat.


“Spot” Boku-Samarqand yoʻnalishida toʻgʻridan-toʻgʻri reyslar yoʻlga qoʻyilishi haqida xabar bergandi.