Joriy yilning yanvar-iyul oylarida Qozog‘istondan $1 mlrd.lik 3,3 mln tonna bug‘doy va meslin (bug‘doy va javdar aralashmasi) eksport qilindi, deya xabar berdi “EnergyProm” nashri.

Unga ko‘ra, o‘sish sof ko‘rsatkichda 3,2%ni, pul ko‘rinishida esa 40,4%ni tashkil etgan.

2022-yil iyul oyi oxirida bug‘doy va meslin eksport narxlari 10,1%ga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 14,5%ga va yil davomida 32,1%ga oshdi.

Mahsulotlarning asosiy qismi — 2,3 mln tonnasi MDH mamlakatlariga jo‘natilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 3%ga ko‘paygan.

Eksportning eng katta qismi O‘zbekistonga to‘g‘ri kelmoqda — 1,5 mln tonna.

Undan keyingi yetakchilikni Tojikiston (416 ming tonna) va Turkmaniston (217,9 ming tonna) egalladi.

MDHdan tashqari davlatlarga 1 mln tonna bug‘doy eksport qilingan bo‘lib, bu o‘tgan yilga nisbatan 3,6%ga ko‘p.

Mazkur davlatlar orasida Eronga 458,9 ming tonna bug‘doy eksport qilingan bo‘lsa, yillik o‘sish 34,2%ni tashkil qilgan.

Shuningdek, bu davlatlar qatorida kuchli uchlikda Afg‘oniston (267,3 ming tonna) va Italiya (151,2 ming tonna) ham bor.


Avvalroq “Spot” avgust oyida Qozog‘iston unining asosiy qismini O‘zbekistonga jo‘natgani haqida yozgandi.