Xususiy sektorni rivojlantirish Islom korporatsiyasi “Uzbek Leasing International” kompaniyasiga $15 mln ajratadi.

Unga ko‘ra, tomonlar o‘rtasida “Murabaha” yordami to‘g‘risidagi bitim imzolangan.

Mablag‘lar kompaniya tomonidan O‘zbekistonda xususiy sektorni, xususan, kichik va o‘rta korxonalarni moliyalashtirish uchun yo‘naltiriladi.

Bu Islom korporotsiyasining “O‘zbek Leasing International” kompaniyasiga ajratayotgan to‘rtinchi “Murabaha” dasturi hisoblanadi.

Bundan oldin kompaniya 2007, 2014 va 2017-yillarda umumiy qiymati $13 mln.ni tashkil etuvchi moliyalashtirishning uchta yo‘nalishidan foydalangan.

Natijada qurilish materiallarini ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash kabi sohalarda 36 ta yangi loyihani moliyalashtirish, 1000 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish imkoni bergan.

Korporatsiya haqida

Xususiy sektorni rivojlantirish bo‘yicha Islom korporatsiyasi ko‘p tomonlama rivojlanish moliya instituti bo‘lib, Islom taraqqiyot bankining a’zosi hisoblanadi.

Korporatsiya 1999-yil noyabr oyida xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish, raqobat va tadbirkorlikni rivojlantirish, a’zo mamlakatlar hukumatlari va xususiy kompaniyalariga maslahat xizmatlarini ko‘rsatish maqsadida tashkil etilgan.

Shuningdek, transchegaraviy sarmoyalarni rag‘batlantirish orqali a’zo mamlakatlarning iqtisodiy rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan.

Kompaniya haqida

Uzbek Leasing International” kompaniyasi 1995-yilda tashkil etilgan.

Kompaniya missiyasi texnologik uskunalarni xarid qilish va foydalanish uchun o‘rta va uzoq muddatli moliyalashtirish, ilg‘or texnikalarni jalb qilish hamda xususiy tadbirkorlik va kichik biznesni rivojlantirish uchun moliyaviy lizingga uskuna olishning keng imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan.

Mashinasozlik, yengil sanoat, oziq-ovqat sanoati, kimyo sanoati neftgaz sanoati hamda turizm kabi iqtisodiyotning turli sohalarini moliyalashtiradi.

Kompaniyaning ustav kapitali 9,1 mlrd so‘mni tashkil etadi.