Vitaliy Xalzunov reklama sohasiga kirib kelganiga 11 yil bo‘ldi. U hozirgi kunga qadar yuzlab loyihalarni amalga oshirgan.

Lokals” (TBWA\Tashkent) kompaniyasida ikki yil vaqt davomida art-direktor lavozimida faoliyat olib borish jarayonida Vitaliy bora-bora o‘z ishini boshlashni ko‘ngliga tugadi.

Qo‘rquv, hayajon va shubhani yengach, u 2021-yilda “Vse Budet” agentligiga asos soladi.

“To‘g‘risini aytsam, qo‘rqqanman, chunki inson doim biror bir ishni boshlashdan avval shubhalanadi va xavfsiraydi. Hatto eng yaqinim ham menga va g‘oyamga ishonmagan bo‘lsa-da, taslim bo‘lmadim”, deydi Xalzunov.

Agentlik kichik va o‘rta biznes bilan ishlashni maqsad qilgan. Shu munosabat bilan Vitaliy va uning jamoasida ofis yo‘q — har bir xodim masofaviy xizmat ko‘rsatadi.

Bu, ta’sischining so‘zlariga ko‘ra, xizmatlar narxini oshirib yubormaslikka yordam beradi va ularni kichik va o‘rta biznes uchun qulay qiladi.

Agentlikni qanday ochish, ro‘yxatdan o‘tish va qanday qiyinchiliklarga tayyorlanish haqida — Spot “Vse Budet” agentligi asoschisi Vitaliy Xalzunov bilan birgalikda tushuntiradi.


Maysa o‘ruvchilikdan art-direktorlikkacha

Mening hikoyam 2010-yil bir do‘stim bilan Chorvoqdagi “Piramidalar"da ishlaganimda boshlangan.

Ertalab maysa o‘rib, kechqurun esa bilyard o‘ynardik. Shu tariqa uch oy ishlab, shaharga qaytdik va keyin qayerga borishni va nima ish qilishni o‘ylay boshladik.

Oxiri “Uniform Optima“dagi 3D-dizayner kursida o‘qishni qaror qildik. Bir necha oy o‘tgach, dizayn haqida oz-moz bo‘lsa-da tushunchaga ega bo‘ldik.

Kurslarni tamomlab, 2010-yilning kuzida poligrafiyada ishlashga qaror qildim. Suhbatda men hamma narsa qo‘limdan keladi, deb aytdim va “Corel Draw"ni o‘rganishimga kamida bir hafta bor, deb umid qildim, negaki men unda qanday ishlashni deyarli bilmasdim.

Ammo kutganimdek bo‘lmadi: ertasi kunning o‘zidayoq ishga chiqishimni so‘rashdi, shuning uchun men butun tunni ushbu dasturiy ta’minotni o‘rganishga bag‘ishladim.

Jamoadagi yigitlar buni darhol payqashsa-da, ovoza qilmasdan menga yoqdam qo‘lini berdilar. Men esa, o‘z navbatida, jon-jahdim bilan kurashdim va xayriyatki, hammasi iziga tushib ketdi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

U yerdagi birinchi loyiham — Parkent ko‘chasida joylashgan “Lego” bolalar do‘konining dizayni hali-hanuz kechagidek esimda. Bu qiyin, asabiy, ammo qiziqarli tajriba edi.

Poligrafiya sanoatida 2,5 yil ishlagandan so‘ng, “OMD Media Direction” kompaniyasiga ketdim. Aynan o‘sha yerda men “uy sotiladi” qabilidagi bannerlardan ko‘ra qiziqroq loyihani amalga oshirish mumkinligini bilib oldim.

Masalan, biz yirik kompaniyalarning brendingi ustida ishlar, suratga olish bilan shug‘ullanardik.

2019-yil “Lokals” agentligiga qo‘shilishdan oldin men yana bir qancha — “Pure Milky”, “Korzinka” kabi kompaniyalarda ishlashga muvaffaq bo‘ldim.

Barchasi nimadan boshlandi?

Men agentlikka tasodifan kelib qolganim yo‘q. 2019-yilga kelib “Lokals” asoschisi Farhod Norboyevni 7 yilga yaqin tanir edim. U sherigi bilan birga “Author's Pizza” pitseriyasini yopgach, O‘zbekistonga qaytib keldi.

Barcha do‘stlar va tanishlarini chaqirdi, ularga bo‘sh ish o‘rinlari va ofisda ishlashni taklif qildi. Ba’zilar bajonidil rozi bo‘lishdi, ba’zilari esa rad etishdi.

Garchand uning taklifida meni o‘ziga tortadigan hech narsa (ish haqi pastroq, barqarorlik hozircha faqat rejalarda va faqat bitta mijoz bor — “Texnomart”) men unga ishonganlardan biri bo‘ldim. Bunda festivallar mavzusi meni qiziqtirgandi.

Negaki reklama olamidagi sayohatimning boshidanoq men “AdMe” maydonchasini va ularning ijodkor, turli festivallarda g‘olib bo‘lgan yoshlar haqidagi hikoyalarini bajonidil o‘qir va shu narsani orzu qilardim.


Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

“Texnomart” uchun 8-martga bag‘ishlangan reklama kampaniyamizni zavq bilan eslayman: yildan-yilga erkaklar ko‘pincha ayollarga maishiy texnika berishadi va bu hech qanday shaxsiy sovg‘a emas.

Oilada hamma mikroto‘lqinli pechdan foydalanadi va bunday sovg‘a har doim ham quvonch keltirmaydi. Bizning fikrimiz shu kuni maishiy texnika sotmaslik va sotuvda faqat telefon va planshetlarni qoldirish edi.

Albatta, bu qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi: ayollar xursand, erkaklar esa hayratda. Ammo bir kun ichida smartfonlar sotuvi keskin oshdi. Biz, albatta, ishni chiroyli tarzda o‘rab, festivalda ishtirok etish uchun yubordik, va g‘alaba qozondik.

Kompaniyadagi faoliyatim davomida biz bir qator bunday loyihalarni bajardik va ko‘plab mukofotlarga sazovor bo‘ldik. O‘shanda men orzu qilgan hamma narsa amalga oshayotganini angladim. Buning uchun Farhoddan behad minnatdorman.

“Lokals” o‘sib, kreativlik va kommunikatsiya bozorida o‘z o‘rnini egalladi. Endi u yirik kompaniyalar, banklar bilan ko‘proq hamkorlik qila boshladi va bu, o‘z navbatida, ko‘p vaqtni oldi: yirik biznes loyihani ma’qullashga uzoq vaqt talab qilardi.

Bir kuni hisoblab chiqdim va butun 365 kun davomida menda faqat ikkita keys borligini angladim. Buning uchun men ko‘p vaqt va kuch sarflayotgan, lekin natija meni qoniqtirmas va bu demotivatsiyaga olib kelayotgandi.

Menda ikki variant bor edi — kompaniyada ba’zi o‘zgarishlarni talab qilish, o‘z qarashlarimni belgilash va ish yo‘nalishini o‘zgartirish yoki xotirjamlik bilan mustaqil sayohatga chiqish. Birinchisi albatta amalga oshmasdi — men kimmanki, agentlikda biror narsani o‘zgartiraman va bollarcha bunday fikrlash nega kerak?

Keyin Farhodning oldiga keldim, vaziyatni tushuntirdim, ketish haqidagi qarorimni aytdim. Shunday qilib, mening kimningdir qo‘l ostida ishlash haqidagi hikoyam yakunlandi va hayotimni noldan boshlashga kirishdim.


Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Shaxsiy biznesga ilk qadam

Men kichik va o‘rta biznes bilan ishlashga qaror qildim, chunki katta kompaniyalar yirik agentliklarga muvaffaqiyatli xizmat qiladi. Bunday mijoz loyihaga buyurtma berish uchun yetarli mablag‘ga ega.

Ammo bu darajadan past bo‘lganlar ham qandaydir kreativ ish qilishni xohlashadi, biroq bunga yillik marketing budjetini sarflay olmaydilar.

Shu bilan birga, jamoamning mehnatini hurmat qilaman. Va hech qanday holatda faqat mablag‘ga ega bo‘lish uchun tenderda loyihalarni yutib olishni xohlamayman.

Shuning uchun agentligimiz mahsuloti frilanserlarning ishidan biroz qimmatroq, lekin bozordagi yirik va nufuzli agentliklardan bir necha barobar arzon.

Yakuniy narx belgilangan vazifalarga qarab individual ravishda ko‘rib chiqiladi, lekin bizda narx chegarasi mavjud: strategiya $1500 dan, kreativ $1200 dan, brending $1000 dan va SMM $500 dan boshlanadi.

Ishimni boshlashdan oldin biznes hamma uchun emasligini, lekin har bir inson harakat qilishi kerakligini tushunardim. Agar o‘xshasa tadbirkor, aks holda esa hayot tajribasiga ega bo‘lasiz.

Ishdan ketgach, avvaliga, ozgina jamg‘arib qo‘ygan mablag‘im borligi uchun bir oycha dam olishni rejalashtirdim. Ammo divanda yotib zerikish uchun to‘rt kun kifoyalik qildi va doimo olg‘a intilish istagi meni harakatga keltirdi. Shunda kutishdan ma’no yo‘qligini tushundim.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

“Masofaviy” agentlik

Menda boshlang‘ich qism allaqachon tayyor: brending va logotip chizilgan va maqsadli auditoriya haqida aniq tushuncha mavjud edi. Faqatgina ishni to‘g‘ri ro‘yxatdan o‘tkazish qolgandi.

O‘shanda men yurist do‘stimga murojaat qildim, u menga o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishni maslahat berdi.

Va men darhol mijozning yelkasiga tushishi mumkin bo‘lgan barcha xarajatlarni hisoblab chiqdim — shahar markazida joy ijaraga olish kamida $1500−2000 talab qilar, bundan tashqari muntazam ish haqi fondi, asbob-uskunalar sotib olish va uning amortizatsiyasi va boshqalar kerak edi.

Natijada, bunday formatdagi ishda mijoz xodimlarga “qahva va shirinlik” uchun emas, balki faqat intellektual ish uchun to‘lashiga to‘g‘ri keladi.

Shunda klassik shakldagi agentlik qimmatga tushishini va u men g‘ayrat bilan qochgan voqelikka qaytarishini angladim. Hamma narsani soddalashtirishga: masofadan turib ishlashga, ayrimlarni shtatga, ba’zilarni esa loyiha asosida ishga olishga qaror qildim. Shu tariqa “Vse Budet” agentligi yaratildi.

Bunday ish tarzi asosiy kadr muammolaridan birini hal qildi: ko‘pincha kopirayterlar va dizaynerlar ofisda ishlashga rozi bo‘lmaydilar, chunki bu ular uchun foyda keltirmaydi. Joylashuv va bir yerning majburiyatlariga bog‘lanib qolmaslik uchun uydan ishlash ularga ancha qulay.

Lekin tanishlarimning ko‘pchiligi bu fikrni qoralashdi, bunday format muvaffaqiyatsizlikka olib kelishini, xodimlar dangasa bo‘lib, ishni topshirishni kechiktirishini aytishdi.

Men esa jamoamga zo‘r berishni xohlamagandim, odam qachon va qayerda o‘ziga yuklangan vazifani bajarishi menga ahamiyatli emas, asosiysi sifat.

Ularga ishondim va buni bejiz qilmaganman deb o‘ylayman, chunki hozirgacha bu bilan bog‘liq hech qanday muammo bo‘lmadi, hammasi kutilganidek ketmoqda

Xodimlarni asosan loyihalar uchun yollayman, lekin menda asosiy tayanch allaqachon shakllangan. Jamoada Qozog‘istonlik mutaxassis ham bor — onlayn formatdagi faoliyat joylashuvdan qat’i nazar, o‘z sohasidagi eng yaxshilarni jalb qilish imkonini beradi.

Bugungi kunda “Vse Budet” agentligida doimiy asosda men va sherigim bilan birga to‘qqiz kishi ishlaydi: ikkita strateg, ikkita dizayner, kopirayter, tarjimon va jamoa menejeri.


Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Boshlanishdagi sarmoya miqdori va birinchi daromad

Yuqorida aytganimdek, men ofis ijarasiga sarmoya kiritmadim. To‘plangan pulga uni yaxshi mutaxassislar bilan baham ko‘rishim mumkinligiga ishonib, texnika sotib oldim, lekin bu xarid biznes uchun emas, balki ko‘proq o‘zim uchun edi. Axir, men baribir yangi asbob-uskunalar sotib olishni mo‘ljallagandim.

Yagona $50 sarmoya targetga bo‘ldi va u darhol o‘z samarasini berdi.

Birinchi uch oy hech qanday sof foyda ko‘rmadim. Keyin biznes o‘z mevasini bera boshladi.

Oylik foydani hisoblash juda qiyin: mart oyida katta byudjetga ega yirik mijoz kelishi mumkin, iyulda esa u ketadi va siz minimal darajaga tushasiz. Yillik foydani taxmin qilish esa erta, lekin faoliyatning birinchi yilidagi ko‘rsatkich yaxshi bo‘lishi kerak.

Agentlik ochilishining boshida do‘stim Bekzod Abduvaliyev o‘z ishxonasidan xona taklif qilib, birinchi yil ijara haqini umuman to‘lamasligim mumkinligini aytdi. Men u yerda bir necha marta podkastlar tayyorladim, yig‘ilish o‘tkazdim.

Shaxsiy blog orqali ishni rivojlantirish

“Lokals"da ishlagan vaqtimda “Hozir hammasi bo‘ladi” deb nomlangan Telegram-kanal ochgandim. Unda barchasi kichik eslatmalardan boshlanib, sekin-asta reklama, marketing va dizayn haqidagi kanalga aylandi. U yerda o‘z tajribam bilan o‘rtoqlasha boshladim.

Obunachilar soni kundan-kunga o‘sib bordi. Blog tufayli birinchi mijozlarimni topdim: bunda endi agentlik ochganim haqidagi xabarni nashr etishning o‘zi kifoya bo‘ldi. Tarmoq, shaxsiy brending va “sarafan radiosi” shunday ishlaydi.

Hozir kanal deyarli barcha ehtiyojlarimni qamrab oladi. Blogga qo‘shimcha ravishda men tadbirlar va tarmoq uchrashuvlarida qatnasha boshladim. Menga bu unchalik yoqmasa-da, ba’zida buning foydasi bo‘ladi.

Qiyinchiliklar va xatolar

Umuman olganda, biznes yuritish oson emas: sizning muvaffaqiyatingiz mijozlaringiznikiga, bozor va mamlakatdagi vaziyatga bog‘liq. Qolaversa, tajribasiz tadbirkor, jumladan, agentlik rahbari uchun ham huquqiy masalalarni yengish oson emas.

Avvalo, sizga yaqinlar — oila a’zolar va do‘stlaringiz bilan biznes boshlamaslikni maslahat beraman, chunki shaxsiy xarakterdagi har qanday janjal ish jarayonlariga ta’sir qiladi.

Bundan tashqari, tanishlar sizni yangi rolda tasavvur qila olmasliklari yoki jiddiy biznes sherigi sifatida qabul qilmasliklari mumkin. Bu esa ularnig hamkorlik uchun to‘liq javobgarlikni his qilmasliklariga olib keladi.

Foto: Yevgeniy Sorochin / Spot

Bir-uch yil ichida biznesni qanday ko‘rishni xohlayotganingizni hal qilish ham muhimdir. Va agar kerak bo‘lsa, o‘z vaqtida to‘xtating, agar biror narsa noto‘g‘ri bo‘lsa, o‘ylab ko‘ring, keraksiz xizmatlar yoki mijozlarni rad eting va eng asosiysi — barchasini qaytadan boshlashdan qo‘rqmang.

Agar biznes bir yoki bir nechta odam bilan birgalikda ochilgan bo‘lsa, unda mas’uliyat zonasini chizish va barcha vazifalarni taqsimlash, shuningdek, oxir-oqibat kim va qancha pul olishini hal qilish muhimdir.

2017−2018-yillarda do‘stim bilan birga poligrafiya ochdim. Biz u bilan shartlarni muhokama qilmadik va shuning uchun ishimiz o‘xshamadi. Uch oy umrimni behuda o‘tkazganim qoldi. Vaqtdan tashqari, men taxminan $2000−2500 yo‘qotdim va men uchun bu miqdor muhim edi.

O‘shanda, rostini aytsam, nima uchun bunday bo‘lganini tushunmagandim, lekin endi aniq bilaman.

Rejalar

Hozir portfelimizda bir nechta yirik loyihalar mavjud, ammo faxrlanadigan hech narsa yo‘q. Agar siz ishingiz orqali odamlar hayotida hech narsani o‘zgartira olmasangiz, sizda mag‘rurlanish uchun hech qanday sabab yo‘q, nazarimda.

Shuning uchun asta-sekin O‘zbekiston chegarasidan chiqib, Qozog‘iston va Qirg‘iziston bilan loyihalarni amalga oshiryapmiz. Biz dunyo miqyosdagi mijozlar bilan ishlashni orzu qilamiz, masalan, “Nike” bilan.

Bozorda bizdan 5−10 barobar qimmat agentliklar borligini bilaman, lekin sifat jihatidan ulardan kam emasmiz. Vaqt o‘tishi bilan portfelga yetarlicha loyihalarni yig‘gach hozirgi narxda ishlashni to‘xtatamiz.

To‘liq siklli agentlik bo‘lish haqida o‘ylar bor edi, boshida bu bo‘yicha ikki marta investitsiya ham taklif qilishgandi, lekin men rad etdim, chunki umidlarni oqlamaslikdan qo‘rqdim.

Hozir esa o‘zimni bunga tayyor his qilyapman. Agar investor bo‘lsa, men muzokaralarga ochiqman, lekin yoqtirgan loyihani bajarish — agentlikning asosiy qoidasi bo‘lib qoladi.