Avvalroq “Spot” sentabrda Alibaba.com platformasida O‘zbekiston pavilyoni ishga tushirilishi haqida yozgandi.
20-sentabr kuni mazkur marketpleysda O‘zbekiston milliy pavilyoni ochildi, deya xabar berdi “Dunyo” axborot agentligi.
Natijada O‘zbekiston Rossiya va Qozog‘istondan keyin elektron tijorat saytida milliy bo‘limga ega bo‘lgan uchinchi MDH davlati bo‘ldi.
Ayni paytda pavilyonda 50 dan ortiq mahalliy kompaniyalar 4800 dan ortiq tovarlarini taklif etmoqda.
Ushbu bo‘limda ko‘rsatilgan mahsulotlar 190 dan ortiq mamlakatlarda namoyish etiladi.
Alibaba.com xodimlari o‘zbekistonlik tadbirkorlarni platformadan foydalanish va ularning ishini optimallashtirishda qo‘llab-quvvatlaydi.
Shuningdek, Xitoy kompaniyasi mahalliy hamkorlarga ro‘yxatdan o‘tish vaqtida moliyaviy yordam ko‘rsatishga va’da berdi.
Joriy yilning avgust oyidan Alibaba xodimlari o‘zbek tadbirkorlari uchun platforma taqdimotlarini o‘tkazishni boshlagandi.
Alibaba.com — 40 ta ishlab chiqarish sektoriga ega dunyodagi eng yirik B2B savdo platformalaridan biridir. Platforma dunyoning 190 ta davlatida faoliyat yuritadi.