O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari tadbirkor ayollarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida “Biznes-yetakchilik” marafoni o‘tkaziladi.
Marafon “Visa” kompaniyasi hamda Qozog‘istonning “Onlaynbank by Halyk” brendi bilan birgalikda amalga oshirilmoqda.
Loyiha mualliflari o‘z biznesini ochishni rejalashtirayotgan yoki mavjud biznesini rivojlantirish istagida bo‘lgan ayollarni qo‘llab-quvvatlashni maqsad qilgan.
Marafonning texnik hamkori “Tech Hub” hisoblanadi. Dastur Amerika Savdo Palatasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan ham qo‘llab-quvvatlanmoqda.
Marafon “Muvaffaqiyatli biznes — muvozanat!” shiori ostida o‘tkaziladi hamda ishtirokchilar 8 ta ma’rifiy ma’ruzada qatnashishlari mumkin.
“Maqsadimiz mintaqadagi tadbirkor ayollarning biznesi va shaxsiy rivojlanishi uchun yangi bilimlarga ega bo‘lishini ta’minlash va biznesni rivojlantirish grantlari g‘oliblarga navbatdagi muhim qadamni qo‘yishda yordam beradi”, — deydi “Visa” prezidenti, Markaziy Osiyo va Ozarbayjondagi Visa mintaqaviy menejeri Kristina Dorosh.
Marafonda qatnashish shartlari
Marafonda qatnashish bepul bo‘lib, arizalar qabuli 15-sentabrdan boshlandi.
Ishtirok etish uchun havola orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak.
Arizalar tasdiqlangach reyting tizimiga ega chatbot yordamida majburiy test topshiriladi.
Marafon finaliga yo‘l olish va grantga nomzodlik qilish uchun ishtirokchilar chatbotdagi barcha topshiriqlarga javob berishlari kerak.
Vazifalar ro‘yxati o‘z biznesi haqida mini-insho tayyorlashni ham o‘z ichiga oladi. Chatbotdagi testlar uchun ballar to‘g‘ri javoblar uchun avtomatik tarzda beriladi, insho esa marafon hakamlar hay’ati tomonidan baholanadi.
Eng yuqori ball to‘plagan 15 nafar finalchi marafonda qatnashish uchun nomzodlar ro‘yxatiga kiritiladi.
G‘oliblarni taqdirlash
Finalchilar orasidan ochiq ovoz berish yo‘li bilan uchta g‘olib aniqlanadi hamda mos ravishda o‘z biznesini rivojlantirish uchun 5 mln ($10 300), 3 mln ($6100) va 1 mln ($2000) tenge oladilar.
Shuningdek, “Halyk Bank” tomonidan ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘z dasturini davom ettirishi va tadbirkorlarni imtiyozli moliyalashtirish uchun 1 mlrd tenge ajratiladi.
Bank tomonidan biznesni rivojlantirish maqsadida birinchi o‘rin uchun 50 mln tenge, ikkinchi o‘rin uchun 40 mln tenge, va uchinchi o‘rin uchun 30 mln tengegacha imtiyozli kredit ajratiladi.
Marafonning qolgan ishtirokchilariga 20 mln tengegacha imtiyozli bank krediti olish imkoniyati beriladi.
Bundan tashqari, hamkorlik doirasida o‘quv marafonining barcha ishtirokchilari “Halyk Bank"da bepul hisob raqamlarini ochadilar.
Batafsil ma’lumot bu yerda.