Farg‘onalik tadbirkor Y.Iga buzilgan savdo do‘koni va olib qo‘yilgan yer maydoni uchun Toshloq tuman hokimligidan 93 mln so‘m kompensatsiya undirib beriladi. Bu haqda “Hudud24” nashri xabar berdi.
Tadbirkor Toshloq tuman markazidagi bozor hududida joylashgan 82 kv.m savdo do‘konida 2018-yil yanvariga qadar tadbirkorlik faoliyatini olib borgan.
Tumandagi qurilish va obodonlashtirish ishlari tufayli Toshloq tuman hokimining 2018-yil 13-yanvardagi farmoyishi bilan mazkur savdo do‘koni buzib tashlangan.
Biroq buning uchun hokimlik tomonidan hech qanday kelishuv bitimi tuzilmagan hamda kompensatsiya puli to‘lanmagan.
Farg‘ona viloyat adliya boshqarmasi tomonidan buzilgan savdo do‘koni va olib qo‘yilgan yer maydoni uchun kompensatsiya to‘lab berish yuzasidan Toshloq tuman hokimligiga taqdimnoma kiritildi.
Ammo hokimlik tomonidan uning ijrosi ta’minlanmadi. Natijada boshqarma tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Marg‘ilon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritildi.
Unga ko‘ra, Toshloq tuman hokimligidan fuqaroga buzilgan savdo do‘koni va olib qo‘yilgan yer maydoni uchun 93 mln. so‘m miqdorida kompensatsiya puli undiriladigan bo‘ldi.
Avvalroq Toshkentda tadbirkorga asossiz hisoblangan 114 mln so‘m qarzdorlik bekor qilingandi.