2023-yildan boshlab tatbiq etiladigan “Mening birinchi uyim” yangi ipoteka dasturi birinchi bo‘lib Toshkent viloyatida ishga tushiriladi.
Prezident viloyatdagi har bir fuqaroga bir marta yangi qurilgan xonadonni imtiyozli ipotekaga olish imkoniyatini berish kerakligini ta’kidladi.
Davlat rahbari mutasaddilarga kelgusi yilga ehtiyojmand aholi uy-joy ipotekasi uchun 100 mlrd so‘m subsidiya ajratish hamda Zangiota tumanida “Yangi O‘zbekiston” massivini qurish bo‘yicha taklif kiritish vazifasini topshirdi.
Shuningdek, Olmaliq, Chirchiq, Angren, Bekobod, Ohangaron, Nurafshon va Yangiyo‘l shaharlaridagi 19 ta avariya holatidagi ko‘p qavatli uylarda yashovchilarni zamonaviy uy-joy bilan ta’minlash chorasi ko‘riladi.
Joriy yilning sakkiz oyida aholiga 9,1 trln so‘mlik ipoteka kreditlari ajratilgan.
Hududlar kesimida kredit oluvchilarning eng ko‘p ulushi 2,7 trln so‘m bilan Toshkent shahriga to‘g‘ri kelgan.
Shundan, 2,3 trln so‘m miqdoridagi mablag‘ banklarning o‘z hisobidan ajratilgan bo‘lib, bu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davrida 618 mlrdni tashkil etgan.
6,7 trln so‘m asosiy pul miqdori esa Moliya vazirligi hisobidan moliyalashtirildi.
Qolgan 114 mlrd so‘m esa O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi mablag‘lari hisobidan ajratilgan.