Xorijdan O‘zbekistonga 34 ta elektropoyezd, 6 ta dizel poyezdi hamda 100 ta yangi turdagi yo‘lovchi vagonlari xarid qilinadi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari"ning matbuot xizmati xabar bermoqda.
Bu bo‘yicha Germaniyada o‘tkazilayotgan “InnoTrans 2022” transport texnologiyalari xalqaro savdo yarmarkasi doirasida xorij kompaniyalari bilan muzokaralar yuritilgan.
Xususan, Fransiyaning “Alstom”, Germaniyaning “Siemens”, Ispaniyaning “SAF”, Shveysariyaning “Stadler”, Chexiyaning “Ssoda”, Janubiy Koreya “Hyundai” kabi kompaniyalar bilan elektropoyezdlar hamda yo‘lovchi vagonlarni xarid qilish bo‘yicha hamkorlik o‘rnatiladi.
Shuningdek, elektropoyezdlar hamda yo‘lovchi vagonlar sotib olishda imtiyozli kredit liniyasidan foydalanish bo‘yicha “O‘zbekiston temir yo‘llari” bilan Germaniyaning “KFV” taraqqiyot banki o‘rtasida memorandum imzolandi.
Polshaning poyezdlar, vagonlar, tramvaylar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Pesa” konserni hamda temir yo‘l transportini ishlab chiqaruvchi Xitoyning “CRRC Corporation Limited” korporatsiyasi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazilgan.
Imtiyozli kredit liniyasidan foydalanishda tenderga mazkur kompaniyalar jalb qilinishi mumkin.
Avvalroq, O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi Yevropa va Fors ko‘rfazi davlatlariga tashuvlarni amalga oshirishi haqida xabar berilgandi.