Xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida davlat rahbari Shavkat Mirziyoyev viloyatdagi turizm sohasi imkoniyatlaridan yetarlicha foydalanilmayotganini tanqid qildi.

“Dam olish kunlari Toshkent viloyati yo‘llarida katta tirbandliklar bo‘ladi. Chunki hamma Bo‘stonliqqa chiqadi. Nega Parkentda ham shunaqa tizim qilmaymiz? Parkent shashligi va somsasini ko‘pchilik yaxshi ko‘radi-ku”, — dedi davlat rahbari.

Endilikda Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilinadi:

“Toshkent viloyatida turizmni rivojlantirish bo‘yicha favqulodda holat e’lon qilamiz. Asosiy yuk Bo‘stonliqqa tushyapti, lekin bu yerda ham loyihalar oxiriga yetkazilmagan, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan”, — dedi prezident.

Viloyatning har bir tuman va shahar hokimiga bir oy muddatda o‘z hududida turizmni qanday rivojlantirishi bo‘yicha aniq ish rejasini ishlab chiqib, ishlarni boshlash shartligi ko‘rsatib o‘tildi.

Xorijiy ekspertni jalb qilib, viloyat turizmini rivojlantirish “master-reja"sini ishlab chiqish topshirildi.

“Parkent, Angren va Ohangaron tog‘li hududlarida zamonaviy turizm klasterlarini tashkil etish ishlarini boshlash vaqti keldi”, — dedi davlat rahbari.


Avvalroq, yoshlarga turizm sohasida grantlar ajratilishi haqida xabar berilgandi.