Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekistonning avtomobil bozori faoliyatini baholadi.

Unga ko‘ra, joriy yilning avgust oyida sotilgan avtomobillar hajmi 119,3 mingtani tashkil etib, iyul oyiga nisbatan 16%ga o‘sdi.

O‘tgan yilning mos davriga nisbatan esa 2 baravarga oshgan.

Yil boshidan buyon mamlakatda avtomobil savdosi sezilarli o‘sib, eng yuqori ko‘rsatkichni Namangan (44%), Qashqadaryo (34%) va Jizzax (23%) viloyatlari qayd etdi.


Shu bilan birga, ikkilamchi bozorda avtomobil savdosi 2,2 baravar o‘sganini ko‘rish mumkin.

Avgust oyida 98 mingta avtomobil ikkilamchi bozorda sotilgan bo‘lib, bu iyulga nisbatan 21%ga ko‘p.

Avgust oyida 17 mingta mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar sotildi va iyul oyiga nisbatan 7,5%ga kamaydi.

Xorijiy avtomobillar savdosida 1,8 mingta oldi-sotdi shartnomasi tuzilgan bo‘lib, iyulga nisbatan 38% o‘sish qayd etildi.

Xorijda ishlab chiqarilgan avtomobillar savdosining oshishi import qilinadigan avtomobillarni olib kirishdagi bojxona to‘lovlarining pasayishi bilan izohlanadi.

Joriy yilda O‘zbekistonda 162 518 mingta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan.

Bundan tashqari, Qozogʻiston, Afgʻoniston, Ukraina va Rossiya kabi mamlakatlarga qiymati $194,0 mln.ga teng yengil avtomobillar eksport qilingan.

“UzAuto Motors” kompaniyasi vakili 2022-yilning oxirigacha avtomobil ishlab chiqarish ko‘rsatkichini 340 mingga yetkazishni hamda kelgusi yillarda 400 mingdan oshirishini ma’lum qilgandi.