2020−2022 yillar mobaynida Iste’molchilar huquqlarini himoya qilish agentligiga fuqarolardan 63 663 ta shikoyat kelib tushgan. Bu haqda agentlik matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘rganishlar natijasida iste’molchilarga yetkazilgan 192,8 mlrd so‘m zarar qayta hisob-kitob qilindi.

Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish, qurilish va transport sohasida 30 729 ta murojat bildirilib, natijada 80,4 mlrd so‘mga yaqin mablag‘lar iste’molchilar foydasiga hal etildi.

Qurilayotgan ko‘p kvartirali uylardan xonadon sotib olish to‘g‘risida kelishilgan shartnomaning muhim shartlari buzilishi bo‘yicha 441 ta murojaatni ko‘rib chiqish natijasida 290 ta iste’molchiga 1,5 mlrd so‘m mablag‘ qaytarib berildi.

Shu bilan birga, 22 ta iste’molchining qonuniy huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudlarga 420 mln so‘mlik da’vo arizalari kiritildi.

Qolgan 129 ta murojaatchining o‘zaro 2,4 mlrd so‘mga tuzilgan shartnoma shartlarini o‘rganish orqali iste’molchilar huquqlarini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun hujjatlari buzilishi alomatlariga aniqlik kiritilmoqda.

Iste’molchilarning aviachipta pulini qaytarib olishdagi muammolari bo‘yicha 581 ta murojaat kelib tushgan.

Shundan 154 nafar fuqaroga 316,1 mln so‘mlik aviachiptalarning pullari, 241 nafar fuqaroga 56,7 mln so‘mlik bilet (avtobus, metro va temir yo‘l xizmatlari) pullari qaytarib berilishi ta’minlandi.

Shuningdek, chakana savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarida tovarlar va xizmatlarning nazorat xaridi amalga oshirildi.

Ularda 369 nomdagi mahsulotlar bo‘yicha o‘tkazilgan ekspertiza natijasida 85 nomdagi mahsulot normativ-texnik hujjatlar talablariga nomuvofiqligi aniqlangan. Natijada mahsulotlarning sertifikatlarini bekor qilish, qayta rasmiylashtirish bo‘yicha tegishli tartibda ma’muriy chora ko‘rildi.

Moliya va aloqa xizmatlari sohasi bo‘yicha kelib tushgan jami murojaatlar 2020-yilda jami murojaatlarning 12%ini tashkil qilgan bo‘lsa, 2021-yilda 15% va 2022-yilda 17%ga to‘g‘ri kelgan.

Respublikaning 127 ta hududida tijorat banklari tomonidan joylashtirilgan 1003 ta bankomatning 103 tasida bank nomi, ishonch telefon raqami va to‘lov tizimi haqidagi ma’lumot yo‘qligi aniqlangan.

2 ta holatda 24/7 tunu-kun ishlovchi shoxobchasi yopiqligi, 52 ta bankomatlar nosoz holatda va ishlamayotganligi, 107 ta bankomatda naqd pul yo‘qligi qayd etilgan.

Bundan tashqari, 50 ta bankomatning videokuzatuv tizimlari yordamida bankomatlar bilan ishlash jarayonlari nazoratga olinmagan hamda 52 tasining joylashgan holati qoniqarsiz.