Bojxona qiymati deklaratsiyasini to‘ldirish bo‘yicha yo‘riqnomaga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasining matbuot xizmati ma’lum qildi.

Hujjat bilan, O‘zbekistonga reeksport qilingan tovarlar uchun reeksport qilingan mamlakatda rasmiylashtirilgan import deklaratsiyasini taqdim etish amaliyoti bekor qilindi.

Shuningdek, xavflarni boshqarish tizimida bojxona yuk deklaratsiyasi “sariq” va “qizil” yo‘lakka yo‘naltirilganida hujjatlar muntazam tarzda so‘rab olinmaydi.

Endilikda qo‘shimcha hujjatlar tovarning bojxona qiymati oxirgi 90 kalendar kun ichida rasmiylashtirilgan xuddi shunday tovarning bojxona qiymatidan past bo‘lsagina, so‘rab olinishi mumkin.

Agar 90 kun ichida bunday ma’lumotlar mavjud bo‘lmasa, 180 kunlik muddat bo‘yicha solishtirilishi mumkin.

Aynan bir xil va o‘xshash tovarlarning bojxona qiymatini belgilash uchun bojxona yuk deklaratsiyasi, unga tegishli shartnoma va hisobvaraq-fakturani majburiy taqdim etish bekor qilindi.

Buning uchun asos sifatida foydalanilayotgan bojxona yuk deklaratsiyasining ro‘yxat raqamini bojxona qiymati deklaratsiyasida ko‘rsatishning o‘zi yetarli.

Bojxona xodimi esa bojxona organlarining axborot tizimida yaratilgan imkoniyat orqali deklaratsiyaning tartib raqamidan foydalangan holda barcha zarur hujjatlarni mustaqil tekshirishi mumkin.


Avvalroq “Spot” joriy yilda bojxona to‘lovlaridagi tushumlar 40%ga oshgani haqida yozgandi.