“Toyota” kompaniyasi Rossiyadagi zavodini yopib, yangi avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatadi, deya xabar berdi “RIA Novosti” nashri Rossiya Sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga tayanib.
Gap kompaniyaning Sankt-Peterburgdagi Shushari shahrida joylashgan yig‘ish maydonchasi haqida ketmoqda.
“Toyota” jamoa oldidagi barcha ijtimoiy majburiyatlarning bajarilishini hamda katta miqdorda qo‘shimcha kompensatsiya to‘lovlarini ta’minlaydi. “Toyota” va “Lexus” avtomobillari uchun sotuvdan keyingi xizmat va dilerlik tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash saqlab qolinadi", — deyiladi kompaniya xabarida.
Rossiya sanoat ishchilari kasaba uyushmasi mintaqalararo Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati tashkiloti raisi Aleksey Vishegorodsevning aytishicha, agar kompaniya ishdan bo‘shatishni rejalashtirayotgan bo‘lsa, avvalo kasaba uyushmasini oldindan ogohlantirishi kerak.
“Toyota Motor” kompaniyasi joriy yil mart oyida Rossiyada o‘z avtomobillarini ishlab chiqarishni to‘xtatib, mamlakat bozoriga yangi avtomobillar yetkazib berishni muzlatgandi.
Ishlab chiqarish to‘xtatilgan paytda “Toyota” Rossiyadan 26 nafar vakilini va ularning oilalarini chaqirib olgandi.
Lekin kompaniya matbuot xizmati o‘sha vaqtda Rossiyani tark etish haqida hech qanday ma’lumot bermagan.
“Toyota” Rossiyada o‘z avtomobil zavodini 15 yil oldin — 2007-yil oxirida ochgan. 2005-yilda Rossiya prezidenti Vladimir Putin zavod qurilishiga birinchi tosh qo‘ygandi.
Avvalroq “Spot” “Mercedes-Benz” Rossiyadagi zavodini sotgani haqida xabar bergandi.