Avvalroq “Spot” Eronning “Chobahor” portidan O‘zbekistonga yuk tashuvlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergandi. Undan so‘ng, bu bo‘yicha memorandum imzolangandi.
Endilikda ushbu port orqali “O‘zbekiston-Turkmaniston-Eron-Hindiston” transport yo‘lagi rivojlantiriladi.
Bu haqda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida Osiyo va Tinch okeani uchun Iqtisodiy va ijtimoiy komissiya (ESKATO) delegatsiyasi bilan uchrashuvda ma’lum qilindi.
O‘zbekiston va Hindiston yangi transport yo‘lagining texnik-iqtisodiy asosini ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Mazkur transport yo‘lagining umumiy uzunligi 4365 km bo‘lib, shundan O‘zbekistondagi qismi 655 km.ni tashkil qiladi.
Shuningdek, Qirg‘iziston hududida O‘zbekiston-Qirg‘iziston-Xitoy temir yo‘li qurilishi haqida xabar berilgandi.
2023-yilning birinchi yarim yilligida Qirg‘iziston hududidagi temir yo‘l qurilishi loyihasining texnik-iqtisodiy asoslarini ishlab chiqish bo‘yicha ishlar yakunlanadi.
Loyiha Xitoydan O‘zbekiston orqali Yevropaga va Janubiy yo‘llar bilan Fors ko‘rfazi davlatlariga tashuvlarni hamda savdo geografiyasini kengaytirish uchun xizmat qiladi.