Joriy yilning avgust oyida ipoteka kreditlash hajmining keskin o‘sishi natijasida O‘zbekistonda uy-joy savdosi 30%ga oshdi. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining tahlillarida keltirilgan.

2022-yil avgust oyida O‘zbekistonda ko‘chmas mulk oldi-sotdi shartnomalari soni 26,5 mingtani tashkil etdi. Bu esa iyul oyiga nisbatan 20,3 ming — 30%ga (+6,2 ming) ko‘p.

Yil boshidan buyon uy-joy savdosi 8,5%ga o‘sib, 172,7 mingni tashkil etdi.

Avgust oyida ipoteka kreditlash hajmining iyul oyiga nisbatan 37% ya’ni 1,1 trln.dan 1,5 trln so‘mgacha keskin o‘sishi kuzatilgan.

Bu esa barcha hududlarda savdo hajmining ijobiy dinamikasiga ta’sir ko‘rsatdi.

Qoraqalpog‘istonda 2,3 barobar, Samarqand 75% va Jizzax viloyatlarida 41% yuqori o‘sish sur’atlari qayd etildi.

Bu ko‘rsatkich, o‘tgan yilning avgust oyi bilan taqqoslaganda ko‘chmas mulk oldi-sotdi bo‘yicha shartnomalar soni 4,7 mingta — 22%ga oshdi.

Joriy yilning avgust oyida ikkilamchi bozorda uy-joy o‘rtacha narxlari o‘sishi oyiga 0,5%ni tashkil etdi (iyun oyida — 2,7%, iyul oyida-2,5%).

Uy-joy narxining sezilarli o‘sishi Xorazm — 6,1%, Qashqadaryo — 1,9% va Farg‘ona -1,8% viloyatlarida kuzatilmoqda.

Pasayish esa Surxondaryo — 5,3%, Andijon — 2,1%, Sirdaryo — 1,2% va Navoiy -1,1% viloyatlarida qayd etildi.

Toshkentda ikkilamchi ko‘chmas mulk bozorining narxlar o‘sishi biroz sekinlashib, 1,4%ni tashkil etdi. Iyun oyida bu ko‘rsatkich 2,4%, iyulda esa 2,9% edi.

Narxlar o‘sishi asosan Chilonzor, Olmazor va Shayxontohur tumanlarida qayd etilgan bo‘lsa, Sergeli tumanida aksincha narxlarda pasayish kuzatilgan.

Shu bilan birga, yil boshidan buyon poytaxtda uy-joy o‘rtacha narxi 13%ga oshdi, respublika bo‘yicha esa — 7%.

Bu uy-joyga bo‘lgan talabning oshishi hamda chet el fuqarolarining kirib kelishi ortib borayotgani bilan baholanmoqda.


Avvalroq PMTI ekspertlari Toshkent shahri tumanlaridagi ko‘p qavatli uylarda ijara narxlari qanday ekanligini tahlil qilgandi.

Unga ko‘ra, poytaxtda ko‘p qavatli uylarning ijara narxi o‘rtacha $339ni tashkil etadi. Eng past narx Sergeli va Olmazor tumanlarida, eng baland narx esa Mirobod va Yakkasaroy tumanlarida qayd etilgan.